Bugungi parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida Namangan viloyatidagi o‘ndan ortiq davlat hamda xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalari ham fuqarolik pozitsiyasini yorqin namoyon qilmoqda.
Jumladan, Namangan davlat universiteti binosida joylashgan 41-saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Saylov uchastkasi nafaqat hududdagi mahallalarda yashovchi saylovchilar, balki talaba-yoshlar bilan ham gavjum.


Yurtimizning olis viloyatlaridan kelib Namanganda tahsil olayotgan, talabalar turar joyi va ijara xonadonlarda istiqomat qilayotgan yoshlar ham mazkur saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlarida qatnashmoqda. 242 nafar ana shunday ilm-tolib sohibi tug‘ilib-o‘sgan viloyatlaridan olisda bo‘lsalar-da, ularning saylovda ovoz berish imkoniyati ta’minlanmoqda.



– Men Sirdaryo viloyatida tug‘ilib voyaga yetganman. Saylovlar xalq hayoti va taqdirining eng muhim jihatini o‘zida namoyon etadigan jarayon. Unda faol ishtirok etish mamlakat ertasi uchun daxldorlikni his etish demakdir, – deydi Namangan davlat universiteti iqtisodiyot fakulteti talabasi Sanjarbek Musulmonqulov. – Shu ma’noda, Yangi O‘zbekiston ravnaqiga, ezgu tashabbus va ulug‘vor maqsadlarga befarq bo‘lmagan holda bugun saylovda o‘zimiz munosib deb bilgan nomzodlar va partiyalarga ovoz berdik. Men oliygohni turizm sohasi bo‘yicha mutaxassis sifatida tugallayman. Turizm rivoj topsa, mamlakat iqtisodiyotining eng asosiy yo‘nalishiga aylanishi mumkin. Shunday ekan, saylovda O‘zbekistonda turizm rivoj topishi uchun ovoz berdim.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.