English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm rivojiga innovatsion yondashuv samarasi
20:23 / 2023-05-25

Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Turizm. Fan. Innovatsiya” xalqaro turizm konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda barcha sohalarda raqamlashtirish orqali zamon talablariga mos rivojlanish bosqichiga o‘tish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar o‘z natijasini berib, taraqqiyot sari dadil odimlar tashlanmoqda. Bunda asosiy e’tibor ilmiy asoslarga ega innovatsion yondashuvlarga qaratilmoqda. “Turizm. Fan. Innovatsiya” xalqaro turizm konferensiyasi ham sohadagi ilmiy izlanishlar samarasini amaliyotda qo‘llash, innovatsion yondashuvlar asosida turizmni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Unda xalqaro ekspertlar, sohaning xorijlik yetuk mutaxassislari turizm rivoji uchun bugungi kunda eng zarur bo‘lgan jihatlarga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, xorijlik mutaxassislar, yosh tadqiqotchilar tomonidan soha rivojini ta’minlashga bag‘ishlangan taqdimotlar, startaplar taqdimoti o‘tkazildi.  

[gallery-12064]

Xususan, “S.A.T.I.A.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ravshan To‘raqulov, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Iskandar To‘xliyev, Polsha Respublikasi Lublin texnologiya universiteti vakili Jerji Montusiyevich, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professori Nargis Nurilla va boshqalar bugungi kunda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni ta’kidlab, jarayonga innovatsion texnologiyalarni joriy etish zarurligiga e’tibor qaratdi. Tadbir davomida turizm sohasiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali samaradorlikka erishish, bu borada erishilgan natijalar haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlash kerakki, 2018 yildan boshlab O‘zbekistonda xorij fuqarolarini Ye-mehmon portali va mobil ilova orqali masofadan turib ro‘yxatdan o‘tkazish usuli yo‘lga qo‘yildi. Yurtimiz bo‘ylab tarixiy obidalar QR kodlar bilan jihozlangan. Bu kodlar sayyohlarga o‘z smartfonlarida tarixiy obida, shunngdek, yaqin hududlardagi mehmonxonalar, restoranlar va boshqa diqqatga sazovor joylar haqida barcha zarur ma’lumotlarni bir necha soniyada olish imkoniyatini beradi.  

Konferensiya davomida turizm rivojiga xizmat qiluvchi qator loyihalar, startaplar taqdim etilib, xalqaro ekspertlar tomonidan ularning amaliy natijalari, turizmdagi ahamiyati tahlil qilindi. Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroporti bojxona postida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmat, yaratilgan imkoniyatlar haqida taqdimot o‘tkazildi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA