So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini strategik tarmoq sifatida rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatini to‘liq ochib berish, tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini keng targ‘ib etish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, noyob me’moriy yodgorliklari va boy madaniy an’analari bilan mashhur bo‘lgan Buxoro viloyatida turizm infratuzilmasi jadal sur’atlarda rivojlanib, hududning xalqaro turistik nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda.
Natijada O‘zbekistonga, xususan, Buxoroga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy turistlar soni sezilarli darajada ko‘payib, sayyohlarga bevosita xizmat ko‘rsatuvchi malakali, bilimli va tajribali gid-ekskursovodlarga bo‘lgan ehtiyoj ham kundan-kunga ortib bormoqda. Bu esa gidlar faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Shu munosabat bilan, Buxoro viloyati turizm boshqarmasi tomonidan gid-ekskursovodlarning kasbiy saviyasini yuksaltirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish, xavfsiz va qonuniy turizm muhitini ta’minlash hamda viloyat turizm imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Bu galgi seminar-trening davomida gid-ekskursovodlar uchun muhim bo‘lgan qator dolzarb mavzular qamrab olindi. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) ochish va uni qonuniy hamda barqaror yuritish tartibi, gidlar faoliyatini huquqiy asosda tashkil etish, xavfsiz turizmni ta’minlash borasida 2026-yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulk sotib olish tartib-qoidalari, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xorijiy va mahalliy sayyohlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy va nazariy bilimlar berildi.
Ma’ruzalar Soliq boshqarmasi, Buxoro viloyati IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi, Elektron autsionlarni tashkil etish AJ hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan olib borilib, ishtirokchilarga sohadagi huquqiy, iqtisodiy, xavfsizlik va tibbiy masalalar yuzasidan batafsil va amaliy tushunchalar berildi.

— Bugungi kunda gid-ekskursovodlar turizm sohasining eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi, — dedi Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘xsanov. — Chunki sayyoh O‘zbekiston, Buxoro haqidagi birinchi taassurotni aynan gid orqali oladi. Shu bois, gidlarning bilimi, madaniyati, muloqot uslubi, huquqiy savodxonligi va xavfsizlik qoidalarini bilishi juda muhim. Viloyat turizm boshqarmasi sifatida biz gidlarning kasbiy salohiyatini oshirishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilaganmiz. Bunday seminar-treninglar orqali ularni faqat nazariy bilim bilan emas, balki amaliy ko‘nikmalar bilan ham ta’minlashga harakat qilyapmiz. 2026-yilda xavfsiz turizm, qonuniy faoliyat yuritish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Gidlarimiz nafaqat tarix va madaniyatni yaxshi bilishi, balki huquqiy, iqtisodiy va tibbiy bilimlarga ham ega bo‘lishi lozim. Maqsadimiz — Buxoroni xalqaro miqyosda yuqori darajada xizmat ko‘rsatish madaniyatiga ega turistik markazga aylantirish. Bu yo‘lda malakali gid-ekskursovodlar eng asosiy tayanchimiz hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari seminar-treningni yuqori saviyada tashkil etilgan, amaliy ahamiyatga ega, bilim va tajriba almashish uchun samarali platforma sifatida baholab, kelgusida ham bunday o‘quv-ma’rifiy tadbirlar tizimli ravishda tashkil etilishi turizm sohasining barqaror rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri