Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm ob’ektlari fotomuxbirlar nigohida
15:39 / 2023-05-24

Navoiy viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi tomonidan fotomuxbirlar ishtirokida foto-tur tashkil etildi.

O‘zAning Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari va “xabar.uz” sayti foto muxbirlari dastlab Nurota tumani markazidagi “Chashma” majmuasida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.  

“Chashma” hudud aholisini suv bilan ta’minlaydigan eng yirik inshoot hisoblanadi. Tiniq va shaffof buloq suvining shifobaxsh xususiyati, unda suzib yurgan shirmohi baliqlarning insonga zavq bag‘ishlovchi xatti-harakatlari kishi hayratini oshirib, o‘ziga chorlayveradi. Tong quyoshi ta’sirida suv uzra jilvalanayotgan behisob nurlar esa inson ruhiyatiga shu qadar sokinlik baxsh etadiki, buni so‘z bilan ifodalash mushkul.  

– “Chashma” suvi uzra taralayotgan nurning ko‘z o‘ngingizda turli rangda va turli shaklda paydo bo‘lishining o‘zi ham bir sir-sinoat, – deydi ishtirokchilardan biri O‘zAning Samarqand viloyati bo‘yicha foto muxbiri Alisher Isroilov. – Aytishlaricha, suvning harorati qishin-yozin bir xil, ya’ni 19,5 darajada, har soniyada 360-400 litr sig‘imda qaynab chiqar ekan. Suv tarkibida sulfat, kaliy, magniy, kalsiy, kremniy, natriy, oltin, kumush ionlari kabi turli xil shifobaxsh mikroelementlarning mavjudligi fanda o‘z isbotini topgan. Suv tog‘ ichidan, toshlar orasidan sizib toshlardagi turli kimyoviy elementlarni ham eritib o‘ziga singdirarkan.  

[gallery-12024]

Ishtirokchilar Nur qal’asi qoldiqlari, u yerda olib borilgan arxeologik qazishma izlari bilan tanishdi. Albatta, bugungi kunda Navoiy viloyatida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Ishtirokchilar mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga rom qilib kelayotgan hududlardan biri – “Sentob” qishlog‘ida bo‘ldi. Bu yerni “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish maqsadida 20 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta xostel hamda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilib, 200 ga yaqin ishsiz aholi, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Hozirda qishloqda Angliya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan muntazam ravishda xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda. Birgina 2022 yilda qishloqqa 300 ming nafar mahalliy, 2,5 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan. Qishloqqa kelayotgan sayyohlar sonini yanada oshirish hamda ularga qulayliklar yaratish maqsadida 5 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, tungi yoritish chiroqlari, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 2 ta selfi hudud, 3 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, turistik axborot markazi qurildi.  

Sentob qishlog‘idagi mavjud 12 ta madaniy meros ob’ektlari va diqqatga sazovor joylar, 15 ta tabiat manzaralari hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 16 ta turizmga ixtisoslashgan ob’ekt turizm yo‘nalishiga kiritildi.  

– Tabiiylik hamisha insonlarni o‘ziga jalb etib kelgan, – deydi “xabar.uz” sayti fotomuxbiri Farrux Aliyev. – Qizilqum cho‘li va Aydarko‘l ham ana shunday hududlardan biridir. Aydarko‘l atrofida bir kunda 200 nafardan ziyod sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega 50 dan ortiq o‘tovlar bor. Bu yerda sayyohlarning miriqib dam olib, tabiatdan bahra olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular qumtepalarning go‘zalligi va yovvoyi tabiatni tomosha qilishlari, tuyaga minib sayr qilishlari, hududda istiqomat qilayotgan odamlar turmush tarzi bilan tanishishlari mumkin. Yana bir jihati bu yerda qumliklar orasida quyoshning botishini jimgina kuzatish imkoniyati borligidir. Uch kun davom etgan foto-tur davomida ishtirokchilar barcha jarayonlarni suratga olib, videoga muhrladi va o‘zlari uchun yangi olam kashf etdi.  

Abduvali Bo‘riyev,  

O‘zA foto muxbirlari (surat+video)