Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun Parkent tumanida press-piknik o‘tkazildi. Shu kunlarda bu joyga sayyohlar qatnovi ancha ortgan. Ayniqsa, hududdagi Qiziltog‘ qo‘rg‘onining keng qir-adirlari oilaviy dam oluvchilar bilan gavjum.
Ishtirokchilar dastlab “Qiziltog‘” qo‘rg‘onidagi ochiq dala maydonida sayohatga keluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Aprel oyining iliq kunlarida nafaqat mahalliy sayyohlar balki, qo‘shni davlatlardan ham mehmonlar Parkentning go‘zal manzaralarini ko‘rish uchun oshiqmoqda.


Manzilga borish va qaytish uchun tirbandliklarning oldini olish hamda avtotransport vositalari harakatini to‘g‘ri tashkil etish choralari ko‘rilgan. Maqsad barchaga qulaylik yaratish, harakat xavfsizligini ta’minlashdir. Dam olish kunlari yo‘l bo‘ylarida YHT xodimlari tomonidan jarayonlar nazoratga olingan. Joylarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi, viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2024 yil mazkur tumanda turizm eksporti 57,3 million dollarga yetdi. Bu hududda turistlar eng ko‘p boradigan So‘qoq, Zarkent, Changi, Nomdanak va Kumushkon kabi qishloqlarni o‘z ichiga olgan “Parkent Green” turistik rekreatsion zonasini tashkil etilgani Toshkent viloyati turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.


Bugungi kunda Turizm qo‘mitasi va Qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu hududlarning “master rejalari” ishlab chiqilmoqda. Turistlar oqimini yanada oshirish maqsadida 2025 yilda madaniy va ko‘ngil ochar tadbirlar “Uzum sayli” xalqaro vinochilik festivali, “Somsa sayli” musobaqalarini tashkil etish maqsad qilingan. Unda xorijiy estrada yulduzlari ishtirokida gala-konsertlar tashkil etilib, sayyohlarning madaniy hordiq chiqarishlariga xizmat qilinadi.

Biroq ayrim sayyohlar tomonidan yashillikka burkangan qir-adirlar etagida dam olganidan so‘ng chiqindilarni tashlab ketish holatlari haligacha uchramoqda. Shuni e’tiborga olib, mas’ullar muntazam ravishda mehmonlarga tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Tadbirda “Plogging” – tabiatni asrash aksiyasi doirasida OAV vakillari hududni chiqindilardan tozalab, atrof obodonligiga o‘z hissalarini qo‘shdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu joylarda bir kunda 1,5-2 tonnagacha chiqindi hosil bo‘ladi va ularni o‘z vaqtida olib ketish choralari ko‘riladi. Shuningdek, turli sport bellashuvlari tashkil qilinib, shaxmat, shashka musobaqasi o‘tkazildi.
A.Musayev,O‘zA.