Mulohaza
Turizm – mamlakatning xalqaro maydondagi imidjini yuksaltirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishda muhim drayverlardan biri sanaladi. Jahon turizm bozorida tobora o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan yurtimiz o‘zining noyob sayyohlik maskanlari bilan ajralib turadi. Statistik raqamlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan festival hamda konsertlar bunga yorqin misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15 maydagi "2025-2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi фармони ayni yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, hujjat bilan mamlakatimizda turizm sohasini iqtisodiyotning muhim strategik tarmog‘i sifatida yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish, yangi turizm ob’ektlarini tashkil etish, sohadagi tadbirkorlarni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari mustahkamlandi.
Shu o‘rinda ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, o‘tgan yarim yil ichida mamlakatimizga 5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Bu degani, har kuni minglab xorijiy mehmonlar shahar va qishloqlarimiz, tarixiy obidalarimiz va tabiatimiz qo‘ynimizdan zavq olmoqda. Bu jarayonda faqatgina mehmonlar soni emas, balki turizm yo‘nalishidan ko‘rilgan foyda ham oshmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: sayyohlar ko‘proq qaysi davlatlardan kelmoqda? Ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qo‘shni davlatlar bilan birga, Xitoy Fransiya, AQSH, Ispaniya, Malayziya, Hindiston va Turkiyadan tashrif buyuradiganlar soni sezilarli o‘sdi. Budan shunday xulosa qilish mumkin: O‘zbekiston haqiqiy global turizm xaritasida o‘z o‘rnini topdi.
So‘nggi yillarda ichki turizmga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Aholimizning mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishga qiziqishlari yanada oshdi. Maxsus dasturlar doirasida o‘tgan yarim yilda 12 milliondan ziyod mamlakatimiz fuqarolari ichki turizm ishtirokchisiga aylandi, yurtimiz bo‘ylab sayohat qildi. Ya’ni, har to‘rtinchi o‘zbekistonlik yilning birinchi yarmida Vatan bo‘ylab yo‘lga chiqqan.
Ichki turizm – milliy qadriyatlarga qaytish demakdir. Bu borada aholining milliy qadriyatlarga, tarixiy shaharlar va madaniy meros obidalariga qiziqishi ortmoqda.
Viloyatlardagi yangi dam olish maskanlari, rekreatsion hududlar va tabiat qo‘ynidagi turizm loyihalari mahalliy sayyohlar uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. Bundan tashqari, ichki turizm aholining dam olishi va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ayni yo‘nalishda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham e’tibordan chetda qolmadi, ya’ni 8 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan insonlar va ko‘plab yoshlar ishtirokida bepul yoki imtiyozli sayohatlar uyushtirildi. Endi har oyning ikkinchi shanba va yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohat kuni» sifatida nishonlanishi ham odamlarni yanada ruhlantirmoqda.
Yana bir jihat sohada o‘sish bilan birga, yangi ish o‘rinlari ham paydo bo‘ldi. Joriy yilning o‘zida 517 ta yangi joylashtirish ob’ekti (mehmonxona, hostel, oilaviy mehmon uylari) foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda mamlakatdagi mehmonxona va joylashtirish vositalari soni 6 448 taga, umumiy o‘rinlar soni esa 170 mingdan oshdi.
Ma’lumki turizm faqat mehmonxonalar emas, balki gidlar faoliyatining sifati bilan ham ajralib turishi lozim. Chunki har bir sayyohning eslab qoladigan narsasi – ularga yo‘lboshchi bo‘lgan inson tomonidan mahorat bilan ta’riflansa, mamlakat haqidagi taassurotlar yorqinlashadi. Bu yilning olti oyida Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xorazmda jami 200 dan ziyod yangi gid-ekskursovodlar tayyorlandi. Demak, har bir sayyoh endi o‘z tilida samimiy yo‘lboshchi topa oladi.
Turizmning rivojlanishi uchun eng muhim omillardan biri, bu – infratuzilmaning takomillashuvi. Oxirgi yillarda mamlakatimizda yuzlab yangi mehmonxonalar, zamonaviy transport tarmoqlari va servis xizmatlari barpo etildi. Jumladan, Samarqand shahrida qurilgan «Silk Road Samarkand» majmuasi xalqaro miqyosda tanildi va yirik anjumanlar o‘tkaziladigan maskanga aylandi.
Buxoro va Xiva shahar festivallari ham qadimiy an’analarni tiklash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishda katta hissa qo‘shmoqda. Toshkent xalqaro kinofestivali esa san’at ixlosmandlari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston ham yirik xalqaro tadbirlar maydoniga aylandi. Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan "Sahro Sadosi III" xalqaro yoshlar festivali buning yorqin misolidir. Unda treninglar, seminarlar, rassomlik va milliy taomlar tanlovlari, folklor konsertlari hamda sport musobaqalari tashkil etildi.
Shuningdek, 2024–2025 yillarda o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivallari, milliy taomlar haftaliklari va folklor kechalari O‘zbekistonning madaniy merosini keng targ‘ib qildi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi tadbirlar orqali turizm iqtisodiy samara beribgina qolmay, balki milliy qadriyatlarni asrash va yosh avlodni ma’naviy tarbiyalashga ham xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro aloqalar kengayib, mamlakatimizga yangi tajribalar, boshqaruv standartlari va zamonaviy texnologiyalar kirib kelmoqda.
Nozima Zufarova,
Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti
Turizm fakulteti dekani,
iqtisod fanlari doktori, professor