Turizm qo‘mitasi, Toshkent shahar va Samarqand viloyati hokimliklari hamkorligida Toshkent shahri tumanlari hokimlarining Samarqand shahridagi turistik ob’ektlarda tashkil etilgan xizmatlar va turizm ko‘chalari ifratuzilmasini o‘rganishga qaratilgan ishchi tashrifi tashkil etildi.
Dastlab, Samarqand shahrida tashkil etilgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim dasturlari, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, Samarqand shahrida tashkil etilgan Orzu Mahmudov gastronomik ko‘chasida olib borilgan arxitektura qurilish ishlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Gastronomik ko‘cha bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, u yerda turistlar uchun yaratilgan qulayliklar va turizm xizmatlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, mehmonlar Afrosiyob xarobalariga tutash hududdan oqib o‘tuvchi Siyobcha kanali qirg‘og‘i bo‘ylab aholi va xorijlik sayyohlar uchun 6 km uzunlikda tashkil etilayotgan velo va piyoda yo‘laklari, yashil fitomassa, ko‘priklar, restoran va kafelar loyihasi bilan tanishtirildi.
Tashrif so‘ngida “Silk Road Samarkand” turistik kompleksi hamda “Konigil” turizm qishlog‘ida turistlar ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etilishi lozim bo‘lgan xizmatlar va infratuzilma namunalari bilan tanishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA