Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm – iqtisodiyotning yetakchi drayveriga aylanadi
16:19 / 2022-11-06

Jizzax tog‘i, bog‘i, ko‘li, cho‘li bor respublikamizdagi yagona viloyatdir. Vohaning qulay geografik joylashuvi, go‘zal tabiati, me’moriy yodgorliklari, milliy xalq o‘yinlari, urf-odatlari, taomlari nafaqat mahalliy, xorijiy turistlarni ham maftun etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 apreldagi “2022-2026 yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida viloyatda 2022-2026 yillarda turizmni yanada rivojlantirish uchun  alohida dastur ishlab chiqildi.  

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha 300 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish, 25 mingta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.

“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi hududida “Suffa platosi 2400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasida uzunligi 2 ming 600 metr bo‘lgan zamonaviy osma dor yo‘li, 3 ta 3 yulduzli mehmonxona barpo etilmoqda. Shuningdek, ushbu zona hududida madaniy-sog‘lomlashtirish, eko-park, sport maydonchalari va boshqa turizm ob’ektlari tashkil etilishi nazarda tutilgan. “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida plyaj turizmini rivojlantirishga qaratilgan turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish belgilangan.Yuqoridagi rejalarning amalga oshirilishi natijasida joylashtirish vositalari sonini 2022-2026 yillarda 347 taga, ulardagi xonalar sonini 3 ming 338 taga va o‘rinlar sonini 8 ming 774 taga yetkazilishi belgilangan.  

Viloyatning Zomin tumanida “Duoba”, Forish tumanida “Uxum”, “Sayyod”, “Do‘stlik” va “Uchquloch”, Arnasoy tumanida “Zarafshon” va “Baxtli” mahallalari hududida turizmni rivojlantirish “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Ushbu mahallalarda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha respublika byudjetidan 12 milliard 900 million so‘m mablag‘ yo‘naltiriladigan manzilli dastur tasdiqlandi. 

Dastur doirasida viloyatdagi eng katta muammo – Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi hamda Baxmal tumani hududidagi sayyohlik joylariga olib boruvchi yo‘llar ta’miri va elektr ta’minoti kiritilgan. Ushbu dasturga asosan 11 milliard 500 million so‘m mablag‘ hisobiga 65 kilometrlik  yo‘llar ta’mirlanadi. Ayni paytgacha 710 million  so‘m mablag‘ hisobiga 15 kilometr  elektr energiya tarmog‘i qurildi va 3 ta yangi transformator o‘rnatildi.  710 million so‘m mablag‘ hisobiga 3,5 kilometr  piyodalar va velosiped yo‘lakchalari qurildi. Shuningdek, 199 ta joylashtirish vositalari, shu jumladan 13 ta “xostel”, 40 ta “kemping”, 103 ta oilaviy mehmon uylari, 20 ta o‘tov va 23 ta chodirli uylar barpo etilmoqda. Mazkur “Yo‘l xarita”lariga kiritilgan loyihalar asosida 300 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi va 1 million 500 ming nafardan ortiq sayyoh va ziyoratchilar tashrifini tashkil etilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 30-31 mart kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘idagi Jizzaxda ekoturizm va agroturizm sohalariga alohida e’tibor qaratish, bunda o‘rmon xo‘jaliklari balansidan ushbu turizm ob’ektlarini tashkil qilishga yer ajratish, ularga olib boruvchi yangi ichki yo‘llarni qurish hamda mavjudlarini ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlari asosida Baxmal o‘rmon xo‘jaligi hududida 100 gektar bog‘lar tashkil qilindi. Mazkur turizm ob’ektlariga olib boruvchi 5 kilometrlik  ichki yo‘llar yangi qurildi, 3 kilometr  mavjud yo‘llar ta’mirlandi, 3 kilometr  elektr tarmoqlari tortildi.  

Bundan tashqari, Baxmal tumanidagi “O‘rmonchi” qishlog‘i “ekoturizm qishlog‘i”ga aylantirildi. Bu yerda “Wi Fi” zonalar tashkil qilinib, bir vaqtning o‘zida 1 ming 500 nafar sayyohni sig‘diraoladigan 268 ta joylashtirish vositalari: “kemping”, oilaviy mehmon uylari va “xostel”lar yaratildi. Sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida axborot resrurs markazi, nomozxona va oshxonalar tashkil etildi.

Viloyatda ichki turizmni rivojlantirish va sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” tamoyili asosidagi sayohat yo‘nalishi ishlab chiqilgan. Ushbu sayohat yo‘nalishida 100 ta ziyorat va tarixiy ob’ektlar, 1 ta madaniy ko‘ngilochar eko-park, 5 ta tog‘li va o‘rmon xo‘jaligi, 45 ta gastronomik eko-agroturizm ob’ekti, 677 ta hunarmandchilik ustaxonasi va boshqa turizm ob’ektlari mavjud.

Viloyatga joriy yilning o‘tgan davrida 2019 yilga nisbatan 15 barobar ko‘p, ya’ni 1 million 406 ming nafar, shu jumladan 7 ming 800 nafar (bu – 2017 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p) xorijiy va 1 million 398 ming nafar (2017 yilga nisbatan 40 barobar ko‘p) mahalliy sayyohlar kelganini alohida ta’kidlash joiz.

Xorijiy sayyohlarning asosiy qismini Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil, AQSH, Hindiston mamlakatlari fuqarolari tashkil etmoqda.

Shu o‘rinda, yiliga 5 ming nafardan ortiq xorijiy sayyohlar asosan o‘tmishi uzoq yillarga borib taqaladigan “Xonbandi” sharsharasi, “Nurota” davlat qo‘riqxonasidagi o‘ziga xos hayvonot va o‘simlik dunyosi, qo‘riqxona atrofidagi tarixiy obidalardan eng ahamiyatga moliklari Forish tumanidagi “Tikchasoy”, “Asrafsoy”, “Andegensoy”, “Majrumsoy”, “Hayatsoy”dagi petrogliflar, “Majrum”, “O‘xum” qishloqlaridagi qo‘rg‘onlar qoldiqlari hamda “Majrum” qishlog‘idagi tanasining diametri taxminan 24 metr, balandligi 20 metr, kavagiga 4-5 odam sig‘adigan necha ming yillik sharqiy sarv (archa) daraxtini tomosha qilish uchun atayin kelishayotganlarini alohida qayd etish lozim.

 Ma’lumot uchun, ushbu sarv (archa) daraxti – dunyoning eng yirik igna bargli daraxtlaridan biridir. “Nurota” davlat qo‘riqxonasi hududidagi qadimiy masjid xarobalari oldida joylashgan ulkan archa daraxti o‘zining go‘zalligi bilan nom qozongan. Mazkur tabiat mo‘’jizasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimi kun sayin ko‘paymoqda. Archaning yoshi hozirgacha aniqlanmagan. Mahalliy aholining aytishicha, archaning yerga qadalganiga taxminan 2,5-3 ming yil bo‘lgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, Aleksandr Makedonskiy yuqori martabali sarkardalarini dafn qilganidan so‘ng ushbu savr archasini ekish odati bo‘lgan ekan. Shu bois bu archani Aleksandr Makedonskiy ekkan deyishadi. Ilgari daraxt tanasidagi kovak devor bilan o‘ralgan va qishloq bolalari uchun maktab vazifasini o‘taganligi aytiladi.

Shuningdek, Forishning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududida joylashgan “Oxus Adventure” dam olish maskanida 10 ta fin uslubidagi uy, 10 ta auntentik yurtalar mavjud bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 100 ga yaqin sayyohlarni joylashtira oladi.

Bu yerda respublikamizning eng yirik suv havzalaridan biri, o‘zining tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan o‘ziga xos xususiyatga ega Aydar-Arnasoy ko‘llarining ochiq maydonlarini bemalol tomosha qilish mumkin. Shuningdek, tuyada sayr qilish, tuya suti bilan davolash, belgilangan hududda baliq ovlash hamda matorli qayiqda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.  

Ayni paytda, sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida viloyatda joylashtirish vositalari soni 226 taga yetkazildi. Shu jumladan, 31 ta mehmonxona, 142 ta oilaviy mehmon uyi, 20 ta sanatoriya va sog‘lomlashtirish maskani, 20 ta “kemping” majmuasi, 13 ta “xostel”  faoliyati yo‘lga quyilgan va ulardagi xonalar soni 2 ming 267 ta, o‘rinlar soni 6 ming 223 tani tashkil etmoqda.

2026 yilga borib xorijiy sayyohlar sonini 14 ming nafarga, mahalliy sayyohlar sonini 1 million 500 ming nafarga yetkazish belgilangan.

Sohada bartaraf etilishi lozim bo‘lgan muammolar hali yetarli. Vazirlar Mahkamasining yuqorida nomi zikr etilgan joriy yil 26 apreldagi 213-sonli qarori hamda 2022-2026 yillar davomida turizmni yanada rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan dasturda yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, oldimizdagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, ularni bekamu-ko‘st ado etish bilan turizm sohasini viloyat iqtisodiyotining asosiy drayveriga aylanishiga ishonchim komil.  

Ushbu tizimli ishlarimiz o‘z navbatida mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi, valyuta tushumlarini ko‘payishi, Yangi O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishi barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Sindor Rahmonqulov,

Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari,

viloyat turizm va madaniy meros

bosh boshqarmasi boshlig‘i

O‘zA