Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylanmoqda
19:22 / 2016-12-09

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda

Insonda dunyoni anglashga intilish, tomosha qilishga qiziqish ishtiyoqi bor. Sarguzashtsevarlar sayohatga otlanib, yangi o‘lkalarni kashf etgan, dunyoqarashi, tafakkuri ortgan, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalari mustahkamlangan, savdo-sotiq rivojlangan.

Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. Sayohatning mohiyati – shu. Insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston haqida ham butun dunyo eshitgan. Qadimiy shaharlarimiz, yurtimizning go‘zal tabiatini bir marta ko‘rishni orzu qiladiganlar juda ko‘p.

Samarqanddagi Registon majmuasi, Imom Buxoriy maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xivadagi Ichanqal’a, Buxorodagi Ark, Shahrisabzdagi Oqsaroy, Qo‘qondagi O‘rda xalqimizning boy madaniyati va san’atini o‘zida mujassamlashtirgan. Zarautsoy va Sarmishsoydagi qoyatosh bitiklari, Uchquduqdagi “tosh o‘rmon”, Toshkentdagi Usmon mushafi sayyohlarni hayratga soladi. Zomin havosiyu Hisor tog‘lari, Chimyon qorlariyu Qizilqum cho‘llarida mamlakatimizning rang-barang tabiati namoyon bo‘ladi.

Bu ro‘yxatni o‘qigan yurtdoshimiz ko‘nglidan “falon joyni aytmabdi-ku”, degan xayol o‘tishi tabiiy. Chunki mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorlik mavjud. Bundan tashqari, qo‘riqxona va bog‘larimizda qanchadan-qancha so‘lim maskanlar, muzeylarimizda minglab noyob eksponatlar bor. Hunarmandlik namunalari, milliy taomlarimiz va o‘zbekona mehmondo‘stlik boshqa hech qayerda topilmaydi.

Mamlakatimizda 600 dan ziyod sayyohlik korxonasi, 660 dan ortiq mehmonxona va kemping faoliyat yuritmoqda. Tarixiy obyektlar, tabiat ajoyibotlari va sog‘lomlashtirish majmualarining aksariyatini qamrab olgan 110 xalqaro sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda. An’anaviy madaniy-tarixiy turizm bilan birga sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, gastronomik, etnografik, ekstremal, davolash-sog‘lomlashtirish, alpinizm, baliq ovi, rafting kabi turlari ham rivojlanmoqda.

Mamlakatimizning 11 xalqaro aeroportidan dunyoning 50 dan ortiq shahriga muntazam parvozlar amalga oshirilmoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg‘ona va Navoiy shaharlari aeroportlari modernizatsiya qilindi. “Afrosiyob” elektr poyezdi sayyohlarni manzillariga tez va sifatli yetkazib qo‘ymoqda.

Bunday ishlar samarasida yurtimizga kelayotgan turistlar yildan-yilga ko‘paymoqda. 2015-yilda mamlakatimizga 2 milliondan ko‘proq sayyoh tashrif buyurgan.

Albatta, bu yaxshi ko‘rsatkich. Lekin mamlakatimizning turizm sohasidagi salohiyatiga mos emas. Hozirgi kunda bu boradagi imkoniyatlardan 15-20 foiz foydalanilmoqda, xolos.

Shu imkoniyatlardan to‘la va samarali foydalanish, buning uchun tashkiliy-huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon sayyohlarga qulaylik va sohadagi tashkilotlarga yengillik yaratishga qaratilgan. “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etish belgilandi. Uning maqomi oshirildi, vakolatlari kengaytirildi. Qo‘mita faoliyati, eng avvalo, nazorat va ma’muriyatchilik vazifalarini amalga oshirishga emas, balki turizm sohasidagi tadbirkorlikni kuchaytirish, bu yo‘ldagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xalqaro turizmni rivojlantirish va uning samaradorligini belgilaydigan eng muhim omil, avvalo, tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikdir.

Ming shukrki, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukmron. Bu jihatdan hech kimda hech qanday xavotir yo‘q. Lekin sayyohlarga xavfsizlik bilan birga zamonaviy sharoit ham kerak. Shu bois farmonda yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy jahon standartlariga, turistlarning ehtiyojlari va talablariga javob beradigan turizm industriyasi obyektlarini rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda yangi mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish obyektlari, transport-logistika tuzilmalari, axborot markazlari, madaniyat va sport muassasalari, yo‘lbo‘yi infratuzilmasi quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Bu faoliyatga jalb etiladigan xorijiy investorlarga ham imtiyozlar berilgan. Masalan, kamida 4 yulduzli mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirgan yuridik shaxslar foyda solig‘i, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va yagona soliq to‘lovidan 5-yil muddatga ozod qilingan. Turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod etilgan.

Zamonaviy mehmonxonalar qurilib, yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochildi, deylik. Endi uni targ‘ib qilish, xaridor topish kerak. Farmonda bu masalalarga ham e’tibor qaratilgan. Turizm mahsulotlari va xizmatlarini ichki va xalqaro bozorlarda targ‘ibot qilish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish, qulay turizm axborot muhitini tashkil etish va rivojlantirish, keng reklama-axborot faoliyatini amalga oshirish, mamlakat hududlarida turizm axborot markazlari va chet elda turizm vakolatxonalari ochish, internet tarmog‘idan faol foydalanish, har yili Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini o‘tkazish yo‘li bilan turizm sohasida mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirish vazifalari shular jumlasidandir.

Xalqaro tajribadan ma’lumki, turistlar mamlakatga kirish-chiqish tartib-qoidalari oson va qulay bo‘lishini istaydi. Bu boradagi qiyinchilik, ovoragarchiliklar ham odamni o‘zi istagan joyga borishdan “sovitib qo‘yishi” mumkin. Farmonga muvofiq, 2017-yil 1-apreldan boshlab yurtimizga sayohat maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 15 davlat fuqarolari va yana 12 davlatning 55 yoshga to‘lgan fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi.

Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorati tizimi, yuklarni olish va transport xizmati ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etiladi.

Farmonda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmatlarini litsenziyalash va sertifikatlash, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish kabi yana ko‘plab masalalar bo‘yicha ulkan vazifalar belgilangan. Bir so‘z bilan aytganda, farmonda turizm sohasiga taalluqli barcha jihatlar qamrab olingan. Bunday kompleks yondashuv O‘zbekistonimizda turizmni yanada rivojlantirishga asos bo‘ladi.