Turizm — har bir mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri. Ushbu sohaning jadal rivojlanishi mamlakat imijini targ‘ib etish barobarida iqtisodiyotni mustahkamlashga, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga zamin bo‘ladi.
Shu yil 9 aprel kuni Prezidentimiz raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohadagi ishlar sarhisob qilindi. Yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkinligi ta’kidlanib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator tashabbuslar ilgari surildi, vazifalar belgilab berildi.

O‘zining Saylovoldi dasturida turizmni keng rivojlantirishni maqsad qilgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari ushbu videoselektor yig‘ilishidagi vazifa va takliflarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Otabek Jiyanboyev bu borada o‘z fikr-mulohazalari va munosabatini bayon qildi:
— Bugun eng rivojlangan davlatlar ham turizmga katta e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Chunki so‘nggi yillarda bu soha iqtisodiyotning muhim drayveriga aylandi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 1,4 milliard kishi xorij sayohatiga chiqqan va bu xalqaro turizm sanoatining rekord ko‘rsatkichidir. Umuman, jahon turizm sanoati 2030 yillarga borib besh yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 50 foizga o‘sishi kutilyapti.
Ayniqsa, turizmning aholini ish bilan ta’minlashdagi o‘rni oshib borayotgani e’tiborga molik. O‘tgan yili ushbu tarmoqda dunyo bo‘ylab 360 millionta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu jami ish o‘rinlarining o‘ndan birini tashkil qiladi.
Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan, bebaho va takrorlanmas tarixiy obidalarga ega O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Buning isbotini yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar sonidan ham bilsa bo‘ladi. 2023 yilda qariyb 7 millionga yaqin chet el sayyohi mamlakatimizga kelgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich ilk bor 10 milliondan oshdi. Turizm eksporti 1,6 karra ko‘payib, 3,5 milliard dollarga yetdi. O‘tgan 8 yilda sohaga 6,5 milliard dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni yaratildi. Lekin yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiati imkoniyatlarini chamalasak, bu ko‘rsatkichlarni ikki-uch hissaga oshirishimiz mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish masalasida o‘tkazilgan videoselektorda ham mavjud salohiyatdan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilinib, to‘siqlarni tezroq bartaraf etish, joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga shart-sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
To‘g‘ri, mamlakatimiz turizm salohiyati “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallar, xalqaro ko‘rgazmalarda keng targ‘ib qilinyapti. Yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Yuzdan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz kirish, yana 60 ga yaqin davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi. Turizm kompaniyalarga qator yengilliklar berilyapti.
Lekin tan olishimiz lozim, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar yetarli. Turizm manzillariga olib boruvchi ayrim yo‘llar ta’mirtalab, transport, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari talab darajasida emas. Ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmaydi. Ichki turizmni rivojlantirish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Videoselektorda ana shu kabi kamchiliklardan kelib chiqib, vazifalar belgilandi. Jumladan, mutasaddilarga 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” deb e’lon qilindi. Bunday imkoniyatlarni yaratish evaziga bu yil 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkin.
Yig‘ilishda sohadagi yana bir yo‘nalish – madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq masala ham muhokama qilindi. So‘nggi 4 yilda 327 ta shunday majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi. Hozir yana 485 ta ob’ekt ta’mirtalab. Bu ishlarga xususiy sektorni jalb etib, biznes loyiha qilish mumkinligi, madaniy meros ob’ektlarini ijaraga berishni takomillashtirish, ularga tushumlarni raqamlashtirish, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Videoselektorda muhokama qilingan masalalar biz deputatlarga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, turizm manzillari – mehmonxonalar, madaniy meros, transport ob’ektlari, ko‘ngilochar maskanlarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha qonunchilik doirasida deputatlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz talab etiladi.
Yaqinda deputatlar hamrohligida Toshkent Markaziy temir yo‘l vokzali faoliyatini o‘rgandik. Yo‘lovchilar manfaati uchun qilingan ishlar ko‘p. Lekin turizm rivojiga xizmat qiladigan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ham ko‘pligini aniqladik. Demak, videoselektorda ta’kidlanganidek, endi yutuqlarni unutib, kamchiliklar ustida ko‘proq ishlashimiz lozim.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA