French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm industriyasi rivojida ulkan marralar
18:25 / 2019-01-30

OʻzA muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz AKKULOV bilan suhbatlashdi

OʻzA muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz AKKULOV bilan suhbatlashdi

Mamlakatimizda milliy sayyohlik mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks targʻib qilish orqali ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshirishda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi zimmasiga masʼuliyatli vazifalar yuklangan.

OʻzA muxbirining Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz AKKULOV bilan suhbati ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida boʻldi.

– Mamlakatimiz toʻrt faslda ham turistlarni qabul qilish imkoniga ega. Biroq buning uchun turistik hududlarda qulay sharoitlar, infratuzilmani rivojlantirish zarur. Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida soʻzlab bersangiz.

– 2018 yil yakuniga koʻra, turizmni diversifikatsiya qilish yuzasidan koʻrilgan choralar natijasida ekoturizm va agroturizm obyektlari soni 208 tagacha ortdi. Shuningdek, 81 oilaviy mehmon uyi, 5 ta sanatoriy va sogʻlomlashtirish obyekti foydalanishga topshirildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom ettiriladi. Xususan, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida “Chorvoq” erkin turistik zonasi, “Amirsoy” qishki kurort-sogʻlomlashtirish kompleksini foydalanishga topshirish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

Shuningdek, Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida “Nanay”, Pop tumanida esa “Chodak” kichik turistik zonalari tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidagi “Sudochye” koʻli qirgʻogʻida turistik kompleks barpo etiladi. “Orol vohasi” yirik turistik majmuasi ham istiqbolli loyihalar sirasidan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida Navoiy viloyatidagi “Toʻdakoʻl” va “Aydarkoʻl”, Surxondaryo viloyatidagi “Uchqizil” koʻllari atrofida ham turistlar uchun dam olish maskanlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Ushbu maqsadlarni roʻyobga chiqarish orqali 10 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohga xizmat koʻrsatish mumkin. Buning uchun mamlakatimizdagi 18 ta suv ombori hududidan ekoturizmni rivojlantirish maqsadida jami 56,6 gektar yer maydoni ajratiladi.

Qoʻmita hududiy boshqarma va departamentlari tomonidan turistlarni jalb etish maqsadida Andijon viloyatida “Milliy liboslar hamda milliy doʻppilar”, Buxoro viloyati Kogon shahrida “Xalqlar doʻstligi”, “Nodir devonbegi” madrasasida “Buxoroda bir oqshom” festivallari, Ark qoʻrgʻonida “Amirning qabul marosimi” deb nomlangan teatrlashtirilgan tomoshalari tashkil etiladi. Qarshi shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov xotirasiga bagʻishlangan “Xalqaro adabiyot“, Termiz shahrida esa ”Xalqaro baxshichilik sanʼati", Boysun tumanida “Boysun bahori” festivallarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

– Mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar geografiyasini kengaytirishda transport-logistika imkoniyatlarini yanada oshirish ustuvor oʻrin tutadi. Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishda qanday loyihalar amalga oshiriladi?

– Darhaqiqat, transport-logistika tizimini takomillashtirish mamlakatimizda turizmni rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi. Shu maqsadda Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda transport-logistikani rivojlantirish, tashqi va ichki yoʻnalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilangan. Uning doirasida yoʻlovchilar tashuvini rivojlantirish, doimiy transport qatnovini yoʻlga qoʻyish va qulay tutash bogʻlamalarini tashkil etish boʻyicha maqsadli loyihalar ishlab chiqiladi. Turizm markazlarini birlashtiruvchi yangi avtomobil yoʻllarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishdagi samarali ishlanmalar hayotga joriy etiladi.

Qolaversa, kemping va servis xizmati koʻrsatish obyektlarini yaxshilashda davlatlararo shartnomalar bilan tasdiqlangan dasturlarni shakllantirish ishlari boshlab yuborilgan.

Bugungi kunda blokcheyn texnologiyasidan foydalanish turistlarga xizmat koʻrsatishning samarali usuli sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda avtobus, avia va temir yoʻl qatnovlarini qulay tarzda bogʻlovchi yagona elektron portalni ishga tushirish maqsad qilingan.

Islohotlar jarayonining yana bir muhim yoʻnalishi transport tariflarini optimallashtirish, yirik xalqaro aviatashuvchilarni va byudjet aviatashuvchilarni mamlakatimizga jalb qilish bilan bogʻliq. Mamlakatimiz hududlari oʻrtasida aviaqatnovlarni rivojlantirish maqsadida “FlyDubai” aviakompaniyasi bilan kelishuvlarga erishildi. Chunonchi, kompaniya joriy yilning 11 martidan yurtimizga aviaqatnovlarni amalga oshira boshlaydi. Shuningdek, ushbu sohadagi manfaatli kelishuvlarga erishish boʻyicha yana 10 dan ortiq aviakompaniya bilan muzokara olib borilmoqda.

Yangi temir yoʻl liniyalarini qurish, mavjudlarini takomillashtirish, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi elektropoyezdlardan foydalanishni kengaytirish sifatli transport xizmatlarini koʻrsatishni taʼminlaydi. Shu maqsadda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasida ishlab chiqariladigan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlardan yana 2 tasini xarid qilishni rejalashtirgani quvonarli.

Aholi uchun qulaylik yaratish, transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida Davlat byudjeti, xalqaro moliya institutlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va boshqa mablagʻlar hisobidan 572,8 milliard soʻm va 630 million AQSH dollari ajratish belgilangan.

Ushbu mablagʻlar evaziga 2 ta yangi avlod samolyoti – “Boeing 787 Dreamliner”ni xarid qilish, “Toshkent-Sharqiy” zamonaviy aeroportini qurish, “Andijon – Savay – Xonobod” temir yoʻl uchastkasini modernizatsiya qilish, Toshkent metropolitenining Yunusobod, Sirgʻali va Toshkent shahri aylanma yer usti qismining birinchi bosqichini qurish ishlari amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirishda mamlakatimizga loukosterlar jalb etilib, avia va temir yoʻl qatnovlari oshiriladi, mamlakatimiz hududlari va mintaqa davlatlari oʻrtasida muntazam avtobus, temir yoʻl va aviaqatnovlari joriy etiladi.

– Mamlakatimiz turistik brendini xalqaro maydonda keng targʻib qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalsangiz.

– Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qoshida “Milliy PR-markazi” tashkil qilingan. Ushbu markaz xorijiy davlatlarda tashkil qilinadigan turizm boʻyicha xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda milliy sayyohlik stendi ostida targʻibot ishlarini olib boradi.

2018 yilda 13 ana shunday xalqaro turizm koʻrgazmalarida ishtirok etildi. Yaponiya, Ispaniya, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda tashkil qilingan tadbirlardagi ishtirokimiz shular jumlasidan.

Qayd etish joiz, bugun qoʻmita mamlakatimiz sayyohlik sohasi vakillarining xorijiy davlatlarda tashkil qilinadigan koʻrgazmalarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratib kelmoqda. Tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida yil davomida oʻtadigan koʻrgazmalar roʻyxati oldindan shakllantirilib, qoʻmitaning rasmiy veb-sahifasiga joylashtirib borilmoqda. Bu turoperatorlarga oldindan tayyorgarlik koʻrish hamda uni rejalashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, xorijda oʻtkaziladigan koʻrgazmalarda ishtirok etish istagini bildirgan turoperatorlar uchun maʼlum imtiyozlar taqdim etib kelinmoqda. Masalan, koʻrgazma uchun ishlab chiqilgan tarqatma materiallarni bepul tashish, aviachiptalarga 50 foizgacha chegirmalar taqdim etish kabilar.

– Turizm sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanish trendlarga tezroq javob bera olish va geografik jihatdan uzoqlikka qaramasdan, mijozlarga yaqin boʻlish imkonini beradi. Mamlakatimizning ushbu yoʻnalishdagi strategiyasi nimalardan iborat?

– Rivojlangan davlatlarda turizm sohasida raqamli texnologiyalar keng qoʻllaniladi. Mamlakatimizda ham bu boradagi ilgʻor yutuqlarni joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida xorijiy sayyohlarni elektron roʻyxatdan oʻtkazishning avtomatlashtirilgan “Ye-mehmon” dasturi yaratildi va toʻliq ishga tushirildi.

Shuningdek, 2018 yilning 15 iyulidan “Ye-VISA.UZ” elektron kirish vizalarini berish va rasmiylashtirish tizimi joriy etildi. Hozirgi kunda ushbu tizimdan dunyoning 64 mamlakati fuqarolari foydalanib kelmoqda.

Undan tashqari, “safar.nis.uz” portali orqali Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan barcha koʻngilochar tadbirlar, sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan shaharlar va tarixiy obidalar, viza masalalari hamda elektron viza olish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida tarixiy obidalar, sayyohlar tashrif buyuradigan joylarda “Verum QR” loyihasi ishga tushirildi. Loyiha QR kod texnologiyasini qoʻllagan holda telefon qurilmasi yordamida tarixiy obida haqida matn va ovozli maʼlumot olish imkonini beradi.

Mehmonxonalarni oldindan band qilishning “Silk Road Horeca” avtomatlashtirilgan tizimi (www.silkroad.uz) ishga tushirildi. Tizim kelgusida dunyoning HORECA xizmatlari segmentida “Booking.com”, “Tripadvisor.com”, “Trivago.ru”, “Agoda.com” saytlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hisobiga turizm sohasida xizmat qiladigan tadbirkorlar uchun xizmatlarni sotishning yagona platformasiga aylanadi.

Bugun sohada raqamli marketing tobora ommalashayotganini eʼtiborga olib, qoʻmita tomonidan ushbu yoʻnalishni rivojlantirish yuzasidan strategiya ishlab chiqildi.

Joriy yilda mamlakatimizning turistik brendini keng targʻib qilishda ushbu raqamli marketing imkoniyatlaridan samarali foydalanishni niyat qilganmiz. Hozirgi kunda internet tarmoqlarida taniqli boʻlgan bloggerlar, “influenser”lar, qolaversa, turizm sohasida nufuzli sanalgan “Lonely Planet” va “Natgeo” onlayn gazeta va jurnallarining mamlakatimizga bagʻishlangan maxsus sonini eʼlon qilish boʻyicha sifatli kontent konsepsiyasini yaratish ishlari olib borilmoqda.