English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm faoliyatini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi
13:54 / 2025-05-20

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekistonda turizm faoliyatini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va samaradorligini oshirish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur tadbir “Buxoro ziyoratgohlarining elektron 3D modelini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida amalga oshirilib, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Qo‘qon universiteti hamkorligida tashkil etildi.  

Tadbirda yurtimiz va xorijiy mamlakatlardan taniqli olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Anjuman qatnashchilarining asosiy e’tibori O‘zbekistonda turizm sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish, mavjud muammolarni bartaraf etish va samaradorlikni oshirishga qaratildi.  

Yurtimiz va xorijning yetakchi olimlari raqamli transformatsiya, ziyorat turizmi, ekoturizm, kontent platformalari, “Aqlli shahar” konsepsiyasi va mahalliy gastronomik merosni turizm bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha o‘z ilmiy qarash va takliflarini taqdim etdilar.  

Anjumanda “O‘zbekistonda turistik faoliyatni raqamlashtirishning iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati va muammolari”, “Orolbo‘yida ekoturizm salohiyati, qiyinchiliklari va rivojlanish istiqbollari (muayyan tur misolida)”, “Turistik ob’ektlarda xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirishning innovatsion yondashuvlari”, “Raqamli transformatsiya sharoitida O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanish istiqbollari”, “O‘zbekistonda “Aqlli shahar” konsepsiyasini turizm infratuzilmasiga integratsiyalash imkoniyatlari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.  

Shu bilan birga, anjuman o‘z ishini “Ziyorat turizmini rivojlantirishning hududiy xususiyatlari va innovatsion yondashuvlari” hamda “Zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida turizm infratuzilmasini rivojlantirishning muammolari va istiqbollari” kabi sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.  

“Turizm xizmatlari sohasida halol sertifikatlash tashkilotlari” mavzusida fanlararo aloqalarni uyg‘unlashtiruvchi dars hamda “O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusida mahorat darsi ham o‘tkazildi. 

Xalqaro konferensiya davomida raqamlashtirish orqali turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy tajribalarni o‘rganish, mahalliy resurslarni to‘g‘ri boshqarish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qator takliflar bildirildi. Shuningdek, tadbir yakunida ishtirokchilar uchun savol-javoblar, akademiya hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.  

N.Usmonova,  

O‘zA