French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm – Buxoro iqtisodiyotining muhim drayveri
13:21 / 2023-05-10

Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, turistik yo‘nalishlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxona va mehmon uylarini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlarini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni ko‘hna va navqiron Buxoroga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan yilga oshayotganida ko‘rish mumkin. 2021 yilda xorijiy sayyohlar soni 30 ming 800 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatgich 550 ming nafarga yetgan. Joriy yilning dastlabki choragida boqiy Buxoroni ko‘rish istagida  kelgan chet ellik sayohlar soni 400 mingtaga yetgan.  

– Buxoroning o‘ziga xos jozibasi bilan meni maftun etgan, – deydi Braziliyadan kelgan Jen Parizi Delima. – Sayohat qilish uchun internetdan izlab, aynan Buxoroni tanladim. Negaki, ko‘p ming yillik bu tarixiy evrilishlar davrini bosib o‘tgan shaharning takrorlanmas me’moriy obidalarida o‘zgacha sehr, mahobat bor. Labi hovuz, Ark qo‘rg‘oni, Nodir devonbegi madrasasi, Somoniylar maqbarasi, yana boshqa obidalar o‘z kaloriti, dizayni, sharqona go‘zalligi bilan ajralib turadi.  

Mahalliy sayyohlar misolida olsak, 2021 yilda 1 million 405 ming, 2022 yilda 2 million 700 mingdan ortiq mehmon Buxoroga tashrif buyurgan. Qadim an’ana va urf-odatlar, tarixiy ahamiyatga ega me’moriy obida va inshootlarga qiziqib, sayru sayohat uyushtirgan. Joriy yilning aprel holatida esa bu ko‘rsatgich 1 million 200 ming kishini tashkil etgan.  

Ma’lumot uchun, viloyatga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarning 58 foizi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari, 21 foizi Ko‘hna Qit’a - Yevropa davlatlari, 17 foizi Osiyo mamlakatlari, 4 foizi Amerika qit’asi va boshqa yurtlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.  

Joriy yil yakuniga qadar qadimiy va hamisha navqiron, boqiy Buxoroga 1 million 200 mingdan ortiq xorijiy, 3 millionga yaqin mahalliy sayyohning tashrifi kutilmoqda. O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, sayyohlarning Buxoroda bo‘lish davri o‘rtacha 3,5-4 kunni tashkil etmoqda. Ularning kunlik xarajati esa xorijlik mehmonlarda 250 AQSH dollarini, mahalliy sayyohlarda esa o‘rtacha 350 ming so‘m hisobida ekan. Bu ko‘rsatkich iqtisodiy jihatdan ayni kunda viloyatda turizm yo‘nalishlari safini kengaytirish orqali mehmonlarning shaharda qolish muddatini uzaytirish choralarini ko‘rishni taqozo etmoqda. Ko‘hna va boqiy Buxoroning iqtisodiyoti o‘sishi uchun xizmat qiladigan asosiy yo‘nalishlardan biri bu xizmatlar ko‘rsatish - servis sohasi hisoblanadi.  Buxoro shahriga 2022 yilda 3,5 million mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 5 milliondan oshirish kutilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, hudud sayyohlik salohiyati ham ortib bormoqda.  

[gallery-11827]

Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, navbatdagi  muhim vazifa sayyohlar, mahalliy mehmonlarning qadim shaharda bo‘lishlari muddatini cho‘zish hisoblanadi. Buning uchun ularga namunali xizmat  ko‘rsatish sifatini yuqori darajaga ko‘tarish zarur. Bu borada keyingi yillarda tarmoq faoliyatiga bevosita daxldor viloyat Madaniyat va turizm bosh boshqarmasi, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat hududiy bo‘linmasi kabi tashkilot hamda idoralar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.  

Turizm tarmog‘ini takomillashtirish xususida gap borganda, o‘tgan yili sentyabr oyida Davlat rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sayyohlik tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar qatorida mutasaddilarga mamlakatimizdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 million nafar sayyohni jalb qilish dasturini tasdiqlashga ko‘rsatma berilganini e’tirof etish joiz. Unda ta’kidlanganidek, yurtimizga ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday taom, ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.  

Muqaddas joylar, avliyo va pirlar haqida batafsil ma’lumot bera oladigan mutaxassislar hamda gidlar tayyorlash ham muhimligi aytilgan. Shu munosabat bilan Islom akademiyasi, “Ipak yo‘li” universitetiga muddatda ziyorat turizmi oqimi ko‘p bo‘lgan davlatlar uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish topshirilgan.  

– Buxoroda sayyohlik oqimini ko‘paytirishga xizmat qiluvchi muhim omillardan biri bu gastronomik turizmdir, – deydi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Feruz Hamroyev. – Bu yo‘nalishda Buxoro tajribasi asosida 50 ta tom qismida alohida milliy va sharqona ko‘rinishda ta’mirlangan restoran hamda kafeteriy ko‘rinishidagi gastronomik inshootlar tashkil etishga kirishildi. Bu  500 taga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.  

bugungi kunda Buxoro tajribasi asosida joylarda 54 ta ochiq terassa tashkil etildi. 1350 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mehmonlarga yuqori darajada gastronomik xizmat ko‘rsatish boshlandi. 2023 yil yakuniga qadar turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qadim shaharda yana 15 ta mehmonxona, 20 ta oilaviy mehmon uyi, 10 ta xostel ishga tushiriladi. Ularning barchasida ochiq terassa, restoran va kafeteriylar tashkil etish hisobidan 4200 ta yangi ishchi o‘rnini yaratish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, Buxoro shahrining salohiyati va mavjud imkoniyatidan foydalangan holda yana 8 ta markaziy ko‘chada joylashgan tashkilotlarning 50 taga yaqin zamonaviy dizayndagi binolari birinchi qavatida yuzdan ziyod restoran va kafeteriy, servis joylarini tashkil etish imkoniyati o‘rganilmoqda.  

Tahlillarga ko‘ra, yo‘l bo‘ylarida joylashgan 4 mingga yaqin ma’muriy binodan servis sohasida samarali foydalanish, 8 ta markaziy ko‘chadagi inshootning tom qismida yuzdan ortiq kafeteriy va restoran barpo etib foydalanishga topshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Hududda joriy yilda xorijiy va mahalliy sayyohlarga doimiy xizmat ko‘rsatadigan restoranlarning soni 81 tani tashkil etadi. Ayniqsa, bino-inshootlar tom qismlarida terassalar faoliyatini kengaytirish orqali xizmatlar sifati va hajmini kengaytirib, qadim shahar bo‘yicha 2021-2022 yillarda hududiy investitsiya dasturlari hamda tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 54 ta terassa tashkil etiladi. Bir vaqtning o‘zida 2 788 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Asosiysi, yangicha yo‘nalish deya e’tirof etilayotgan bu loyiha mahalliy va xorijiy sayyohlarda birdek qiziqish uyg‘otmoqda.  

 

Zarif Komilov,  

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA