Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turizm: Buxoro dunyo nazari tushgan manzil
17:04 / 2026-01-05

Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligi “Yoshlar turizmi haftaligi” deb e’lon qilindi. Unga ko‘ra respublikaning barcha hudud yoshlari uchun mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohat uyushtirish rejalashtirilgan.

Ushbu haftalik munosabati bilan Buxoro shahridagi maktab o‘quvchilari “Buxoro Varnet” klasterida o‘z sayohatlarini amalga oshirdi. O‘quvchilarning dam olish kunlari maroqli o‘tib, ulkan taassurotlar bilan qaytishdi.

Shuningdek, “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi “Sitorai Mohi – Xossa” amaliy bezak san’ati muzeyiga yoshlar va o‘quvchilarning sayohati tashkil etildi. Sayohatchilar muzey eksponatlari bilan tanishib, viloyatimizning boy madaniy merosi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ta’til davomida talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida Samarqand bo‘ylab sayohatda bo‘ldi.

Yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari davomida qadimiy Buxoro shahriga tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar soni sezilarli darajada oshdi. Viloyat turizm boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ko‘hna va boqiy Buxoroga 5 kunlik dam olish kunlarida 20 mingdan ortiq xorijiy va 60 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi amalga oshirildi.

Xususan, Rossiya, Yevropa davlatlari, Hindiston, Pokiston, Indoneziya va Malayziyadan tashrif buyurgan sayyohlar “Poyi Kalon” majmuasi, “Ark” qo‘rg‘oni, “Labi Hovuz” ansambli, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, shuningdek, “Yetti pir” ziyoratgohlari bo‘ylab sayohatlarini amalga oshirdi.

– Rafiqam bilan sayohat qilish uchun O‘zbekistonga keldik, – deydi indoneziyalik sayyoh Hans Kurniavan. – Tashrifimizning uchinchi kunida Buxoroni aylanyapmiz. Ochig‘i, yurtingizdagi xizmat ko‘rsatish a’lo darajada. Odamlaringizning muomalasi meni hayron qoldirdi. Umuman olganda bir olam taassurotlar. Tarixiy maskanlar ham takrorlanmas. Men juda xursandman.

– 2025 yilda viloyatda turizm sohasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi, – deydi Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘xsanov. – Jumladan, 96 ta yangi joylashtirish vositasi, jumladan, 21 ta mehmonxona, 22 ta xostel, 44 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta xonadon, 1 ta yotoqxona, 1 ta sanatoriya va 60 ta o‘tov (190 ta o‘rin) faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning umumiy soni 688 taga (7 786 ta xona, 17 986 ta o‘rin) yetdi. Shuningdek, 37 ta yangi turoperator/turagentlar faoliyati ish boshlashi natijasida ularning soni 223 taga yetdi. Viloyatga 2 million 701,8 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 736,9 million AQSH dollarga yetkazildi. Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 4 million 783,5 ming nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurdi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Buxorodan respublika hududlariga 2 million 606 ming nafar mahalliy aholi, korxona va tashkilot ishchi-xodimlarining sayohatlari tizimli tashkillashtirildi.

[gallery-26999]

2025 yil 6-8 iyun kunlari Buxoro shahrida XXI an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali yuqori va ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, 3-kun davom etgan tadbirlarda jami yarim millionga yaqin respublika mintaqalari aholisi, xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatildi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi tashriflar viloyatning turizm salohiyati tobora ortib borayotganini, shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan turizmni rivojlantirish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.