Poytaxtimizda turizm va mehmondo‘stlik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan nufuzli tadbirlardan biri — “VII Hotel Business Forum 2026” o‘z ishini boshladi.
Mazkur forum sohadagi yetakchi mutaxassislar, investorlar va biznes vakillarini birlashtirib, zamonaviy tendensiyalar va innovatsion yechimlarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan forumning asosiy mavzusi — “Sun’iy intellekt: turizm va mehmondo‘stlikning yangi tendensiyasi” deb nomlangan.

Tadbirda raqamli texnologiyalarni joriy etish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mehmonlar uchun yangi tajribalar yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.

“Hotel Business Forum 2026” doirasida interaktiv “B2B” va “G2B” uchrashuvlari, HoReCa segmenti uchun mahsulot va xizmatlar ko‘rgazmasi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy mehmondo‘stlik mukofotini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Forum turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mehmondo‘stlik sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA