Mamlakatimiz ekohududlarida turistik so‘qmoqlarni tashkil etish alohida yo‘nalish sifatida belgilandi va ularni barpo etish hamda foydalanish tartibi tasdiqlandi.
Turistik so‘qmoq — ekohududlarda sayyohlar harakatlanishi uchun mo‘ljallangan, oldindan belgilangan, maxsus yo‘nalishga ega va ekologik talablarga javob beruvchi marshrut hisoblanadi. U piyoda, shuningdek ot, velosiped, chang‘i kabi vositalarda (avtomototransport vositalarisiz) sayohat qilish uchun moslashtiriladi.
Bunday yondashuv sayyohlarning tartibsiz harakatlanishini cheklash, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zararni kamaytirish hamda tabiiy muhitni muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Ekohududlarda turistik so‘qmoqlar Turizm qo‘mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. Yo‘nalish, uning uzunligi va o‘tish nuqtalari ekohududni balansda saqlovchi tashkilot tomonidan ishlab chiqiladi.
Bunda hududning tabiiy xususiyatlari, ekologik holati, sayyohlar xavfsizligi hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari inobatga olinadi.
Turistik so‘qmoqlar dam olish nuqtalari, axborot lavhalari, yo‘naltiruvchi va xavfsizlik belgilari bilan jihozlanadi.
So‘qmoq foydalanishga tayyor holatga keltirilgandan so‘ng u Turizm qo‘mitasi yuritadigan maxsus reyestrga kiritiladi va bu uning rasman tashkil etilganini tasdiqlaydi.
So‘qmoqlarni saqlash va texnik holatini doimiy nazorat qilish ekohudud balansda saqlovchisi zimmasiga yuklanadi. Foydalanish jarayonida tabiiy muhitga zarar yetkazmaslik, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqmaslik hamda so‘qmoqdan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish talab etiladi.
Ekologik holat yoki xavfsizlikka tahdid yuzaga kelgan taqdirda turistik so‘qmoqlardan foydalanish vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Barcha ma’lumotlar internet tarmog‘ida ochiq va tushunarli shaklda joylashtirilib, sayyohlarga sayohatni oldindan rejalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim ekoturizmni barqaror rivojlantirish va tabiiy hududlarni asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA