Shu kunlarda poytaxtimizning har bir diqqatga sazovor joylarida, tarixiy maskanlarda guruh-guruh bo‘lib yurgan xorijiy sayyohlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Turizm mavsumi bo‘lgani bois sayyohlar oqimi yanada ko‘paymoqda.
Aslida uch ming yillik tarixga ega yurtimiz o‘zining qadimiy manzilgohlari, asrlarga tengdosh tarixiy obidalari, go‘zal tabiati va jannatmakonligi bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etib keladi. Qadimiy shaharlarimiz ko‘rku tarovati, arxitektura yodgorliklari ochiq osmon ostidagi muzey sifatida barchani hayratga soladi.
Yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ko‘paymoqda

Yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Soha ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi ham yil sayin ko‘payib bormoqda. Turizm qo‘mitasining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 9 oyida yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 4 million 906,9 ming nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, 2022 yil davomida ularning soni 5 million 232,8 ming nafarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich 5 yil oldin, ya’ni 2018 yilda kelgan xorijiy sayyohlar soniga nisbatan 97,9 foizni tashkil etgan.
Bundan tashqari, yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham keng qamrovli sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Bu boradagi ishlar natijasida joriy yilning 9 oyida 17,5 milliondan ortiq ichki sayyohlar qayd etilgan. O‘tgan 2022 yil davomida ularning soni 11 million 435,5 mingni tashkil etgan.
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini oshirish borasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilayotgani quvonarlidir. Xususan, yaqinda Butunjahon sayyohlik tashkiloti tomonidan e’lon qilingan turizm sohasi eng tez rivojlanayotgan 20 ta davlat ro‘yxatida O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rinda qayd etildi. Bu, albatta, ijobiy natijadir.
Yaqinda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning 25-Bosh assambleyasi Samarqand shahrida o‘tkazilgani ham bejiz emas. Unda ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishilgani, yangi loyihalar bo‘yicha hujjatlar imzolangani sohadagi ishlarni yanada jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Strategiya: xorijiy turistlar soni 15 millionga oshiriladi
O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati juda boy va rang-barang. Ammo mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, ochilmagan qirralarni namoyon etish galdagi vazifalardandir. Bu borada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish yo‘nalishida bir qator maqsad-vazifalar o‘z aksini topgan.
Xususan, mazkur dasturilamal hujjatda xorijiy turistlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan turistlar sonini 3 million nafarga oshirish maqsadi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada 30 ta yirik turizm klasterlarini tashkil etish, mehmon o‘rinlari sonini kamida 2 barobarga oshirish, tog‘li hududlarda 25 ta dor yo‘llari qurish, turizm mahallalari sonini 175 taga yetkazish maqsadlari ko‘zlangan. Turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga, tibbiyot va ta’lim turizmi eksportini yiliga 1,5 milliard dollarga yetkazish belgilab olingan. Xorijiy turistlar uchun barcha xalqaro aeroportlarda respublikadan sotib olingan va rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun «Tax free» tizimini joriy etish vazifalari o‘z aksini topgan.
Ushbu maqsad-vazifalar kelgusida mamlakatimizda turizmning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Soha ravnaqi salohiyatli kadrlar bilan chambarchas bog‘liq
Turizm sohasini yanada taraqqiy ettirish, oldimizga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga erishishda va “Barqaror turizm” konsepsiyalarini amalga oshirishda yetuk, zamonaviy kadrlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Turizm — mamlakat iqtisodiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir, — deydi Turizm qoʻmitasi Turizm sohasida taʼlimni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Jahongir Matkarimov. — Shu bois ham soha rivojiga jiddiy e’tibor qaratilib, ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, turizmni yanada rivojlantirishda sohada malakali, tajribali kadrlar muhim o‘rin tutadi. Bu borada oxirgi 3 yilda turizm sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, ularda ta’lim oluvchi talabalar soni esa mos ravishda 4 ming 100 nafardan 11 ming 500 nafargacha oshgan. 2020 yilda oliy ta’lim muassasalarida turizm sohasida ta’lim beruvchi pedagoglarning ilmiy salohiyati 24,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 37,6 foizga yetdi.
Jahon turizm sanoati bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida 2018 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil etildi. Bugungi kunda universitetda turizm, logistika, gid-tarjimonlik, muzeyshunoslik, arxeologiya, ijodiy sanoat, madaniy merosni boshqarish kabi mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Universitetda talabalarga turizm va madaniy meros sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turuvchi AQSH, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy, Italiya, Hindiston universitetlarida faoliyat yuritgan 20 dan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Mazkur universitet bugungi kunda eng taniqli va nufuzli oliy o‘quv dargohlaridan biriga aylandi. Mamlakatimizning turizm sohasidagi birinchi Flagman universiteti sifatida SHHTga a’zo davlatlar uchun turizm va madaniy meros sohasida zamonaviy kadrlarni yetishtirib bermoqda.
Bundan tashqari, sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik hamjamiyati hamda Shveysariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan birgalikda turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi ta’lim muassasalari pedagoglarining malakasini oshirish va birgalikda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida kasb-hunar ta’lim muassasalarida professional kadrlar tayyorlashni dual ta’lim shaklida amalga oshirish tizimi takomillashtirilmoqda.
Shveysariya Konfederatsiyasi Huqumati bilan birgalikda “O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida turizm yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimi rivojlanmokda. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, joriy yilda Turizm qo‘mitasi huzuridagi jami 10 ta professional ta’lim muassasalarida amaliyot darslarini tashkil etish maqsadida laboratoriyalar yaratildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yaqinda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning Samarqand shahrida o‘tkazilgan 25-Bosh assambleyasida O‘zbekistonda turizm va madaniy meros bo‘yicha bilimlarni bolalik va o‘smirlikdan o‘rgatish bo‘yicha keyingi o‘quv yilidan Samarqand shahridagi 20 ta maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun “Turizm” fanini o‘qitish tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilishi taklif etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda keyingi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida sohaga kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangicha tizim joriy etiladi. Unga ko‘ra, xalqaro ilg‘or tajribadan kelib chiqib, turizm yo‘nalishidagi bakalavriatda 3 yillik ta’lim asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonini amaliyot bilan birga olib borishni yo‘lga qo‘yish maqsadida oliy ta’lim muassasalari qoshida turoperatorlik korxonalari, mehmonxonalar tashkil etish hamda turistik logistika xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bu kabi chora-tadbirlar turizm-servis sohalarida xalqaro talablarga mos, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz sayyohlik salohiyatidan unumli foydalanish borasidagi sa’y-harakatlar iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i bo‘lgan turizm ravnaqiga, sohada yangi imkoniyatlar eshigi ochilishiga zamin bo‘ladi. Zero, O‘zbekistonning boy tarixi, o‘tmishi va buguni sayyohlar e’tiborini muntazam o‘ziga jalb etib kelishi bu boradagi imkoniyatlar kengligidan dalolatdir.
Muhtarama Komilova, O‘zA