Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turar-joylarni qurib sotish bilan fuqarolarni aldab, milliardlab pullarni o‘zlashtirgan "firma"lar aniqlandi
13:06 / 2024-02-21

Yurtimizning barcha hududlarida keng qamrovli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, aholi turar-joylari, ko‘p qavatli uylarning barpo etilishi ko‘paydi. Ularning aksari aholining turar-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Bunday paytda ayrim kimsalar xonadonlarga odamlarning talabi ortayotganidan foydalanmoqchi bo‘lib, ularning ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan pul undirishga o‘tgani afsuski, haqiqat bo‘lib chiqyapti.  

Huquqni muhofaza qilish idoralarining sa’y-harakati bilan ana shunday holatlarning biriga o‘z vaqtida chek qo‘yildi. Joriy yilning yanvar oyida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlari jarayonida “Arkenstone” va “VescoCottage” nomli MCHJlarni tashkil etgan shaxsning kirdikorlari ochilib qoldi. Ya’ni, mazkur MCHJlar Toshkent shahrida kottej turar-joylarini qurayotganini, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli reklama e’lonlarini joylashtirib, shu yo‘l bilan yangi uy olish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning ishonchiga kirib, go‘yoki kechiktirib to‘lash imkonini berish vaji bilan ularda qiziqish uyg‘otib, 2022 — 2023 yillar davomida 125 mln so‘mdan boshlang‘ich to‘lov sifatida fuqarolarning qariyb 27 mlrd so‘mini o‘zlashtirishgan. Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaroga tegishli korxonalar va unga aloqador shaxslar hisob raqamlaridagi 823 mln so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yildi.  

Shuningdek, tergov davomida ushbu shaxs jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarini legallashtirish maqsadida xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tgan valyuta birjasida o‘zi va onasining nomiga hisob raqamlar ochib, ushbu hisob raqamlariga 1 400 000 AQSH dollari o‘tkazib olib, birja savdolarida ishtirok etgani aniqlandi.  

Ushbu holatlar bo‘yicha Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Maxamatov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan xorijiy valyuta birjasida Maxamatovning onasi nomiga rasmiylashtirilgan elektron hamyonda mavjud bo‘lgan 403 000 AQSH dollari to‘lov bank viza kartasiga qaytarilgan. Ushbu jinoyat ishi doirasida hozirgi kunda 7,8 mlrd so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yilishiga erishilgan.  

Hurmatli fuqarolar! Uy-joy xarid qilayotganda firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun quyidagilarga e’tibor bering. Sotib olmoqchi bo‘lgan uy-joyingiz haqiqatdan ham daxlsiz yerda qurilganmi-yo‘qmi, huquqiy asosi mavjudmi? Sizga sotayotgan shaxs shunday vakolatga egami? Firibgarlik alomatlari mavjud emasmi? Avval ham ushbu shaxsdan xarid qilganlar bor bo‘lsa, ularning taqdiri qanday kechdi? Shu kabi savollarga javob olishingiz juda ham zarur, deyiladi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabarida.  

O‘zA