Ko‘p qavatli turar joylarning yerto‘la qismini foydali maydonga aylantirish maqsadida amalga tatbiq etilgan yangi normalar, ularning tartib qoidalari qanday? Qurilish vazirligi matbuot xizmati rahbari Saidnosir Usmonovdan bu haqida ma’lumot oldik.
Ma’lum qilishicha, bosh loyiha institutlari tomonidan 5,7,9,12 va 16 qavatli turar joy binolarining yarim yerto‘la qismida yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqildi. Bu turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng miqyosda foydalanish nazarda tutilgan.
Savol tug‘iladi: yangi qurilayotgan turar joy binolarining yarim yerto‘la ya’ni, (sokol) qavatlarida qanday hollarda yashash xonalarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi?
– Birinchi navbatda, yerosti suvlari yer sathidan 3 metr va undan pastda bo‘lgan hududlarda, shuningdek, yarim yerto‘la (sokol) qavatining kamida 1/3 qismi yer sathidan yuqorida loyihalashtirilganda, yerto‘la xonalarining poldan shiftgacha bo‘lgan balandligi 2,4 metrdan kam bo‘lmaganda ruxsat etiladi. Qolaversa, gorizontal muhandislik tizimlar yashash xonalarini inobatga olgan holda joylashtirilganda, xonalarning tashqi devorlari va pollarida issiqlik himoyasi ta’minlanganda, tegishli sanitariya qoida va normalari talablari bajarilganda, yashash xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiquvchi derazalar o‘rnatilganda, havoning yaxshi aylanishi ta’minlanganda yashash xonalarini joylashtirish mumkin.
Shuningdek, yarim yerto‘la qavatidagi oshxona va sanitariya xonalari kanalizatsiya tizimi, binoning umumiy kanalizatsiya tizimi sathidan yuqori joylashganda hamda qaytaruvchi klapan bilan jihozlanganda, taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda, tabiiy va suyultirilgan gazlarda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarda hamda portlab yonish xavfiga ega bo‘lgan boshqa moddalar va materiallarda ishlovchi qurilma va asbob-uskunalar ko‘zda tutilmaganda ham ruxsat berilishi mumkin.
Yarim yerto‘lada yashash xonadonlari joylashtirilganda, quyidagi evakuatsiya talablari ta’minlanishi lozim. Ya’ni, kirish eshiklari tashqi tomonga ochilishi hamda yong‘in xavfi vujudga kelganda odamlarni evakuatsiya qilish uchun kamida ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiquvchi joylari ko‘zda tutilishi kerak.
Qolaversa, xonadonlar faqatgina yo‘lak tipida loyihalashtirilishi hamda kvartiradan evakuatsiya chiqish joyiga bittadan ko‘p bo‘lmagan burilish orqali yetib borilishini ta’minlanishi ham zarur.
Xonadonning chiqish eshigidan eng uzoqda joylashgan evakuatsiya chiqish joyigacha bo‘lgan masofa 12 metrdan oshmasligi, shuningdek, binoning yuqori qavatlari bilan yarim yerto‘la qavatlari zina kataklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanmasligi, har bir xonadon avariya chiqish joylari bilan ta’minlanishi va bu chiqish joylari odamlarni qutqarishga to‘sqinlik qiluvchi vositalar bilan to‘silmasligi lozim.
Yarim yerto‘la qavatida joylashgan xonadonlarning foydali va yashash maydonlari loyihalarda 0,5 koeffitsiyent bilan hisobga olinishi ham qat’iy belgilangan. Shu o‘rinda ko‘p kvartirali turar-joy uylarning ichki tutashtirib qurilgan xonalarida, shuningdek, yerto‘la va yarim yerto‘la qavatlarida quyidagilarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini ham aytib o‘tmoqchiman. Ya’ni, uyni qurishda o‘tiriladigan joylari soni loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan, shuningdek soat 23.00 dan keyin ham ishlaydigan umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafelar, kafeteriylar, barlar, kimyoviy tovarlar, sabzavot va baliq mahsulotlarini, shuningdek gaz ballon, kimyo vositalari, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar hamda portlab yonish xavfliligi jihatidan xavfli bo‘lgan boshqa moddalar va materiallar bor bo‘lgan mahsulotlarni sotuvchi do‘konlarni tashkil qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarishida tez yonuvchi moddalarni qo‘llovchi kimyoviy tozalash xonalari, 10 tadan ortiq ish o‘rniga ega bo‘lgan poyabzal tikish va ta’mirlash ustaxonalari, hammomlar va saunalar, aloqa tarmoq stansiyalari, shaharlararo aloqaning kecha-kunduz foydalaniladigan so‘zlashuv punktlari va telegraf, jamoat hojatxonalari, marosimlar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish muassasalari, sanoat korxonalari faoliyatining barcha turlari, uy hayvonlari va parrandalar boqishga yoki ko‘paytirishga mo‘ljallangan joylar tashkil qilishga ruxsat etilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning transport vositalari uchun garajlar (maxsus loyiha asosida qurilgan garajlar bundan mustasno), yashash joylari, kinoteatr, yotoqxona va mehmonxonalar tashkil etish ham mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Turar joy binosida hamda uning tomi va konstruksiyalarida jamoat ahamiyatiga ega bo‘lgan binoga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanmagan, o‘zidan zararli moddalar ajratuvchi, shovqin va vibratsiya hosil qiluvchi, yomon ta’sir ko‘rsatuvchi nurlanish manbai bo‘lgan qurilmalarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu shaharsozlik norma qoidalariga muvofiq turar joy binolarida joylashtiriladigan shtatli uskunalar bundan mustasno hisoblanadi.
Yashashga mo‘ljallangan hamda texnik qavatlarda va chordoqlarda ko‘chma yoki boshqacha radioaloqa baza stansiyalari hamda boshqa radiouzatuvchi qurilmalarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yana bir jihat: yashashga mo‘ljallanmagan jamoatchilik va ma’muriy-xizmatchilik xonalarida Shaharsozlik norma qoidalariga muvofiq avtomatik yong‘in signalizatsiyasi, yong‘indan xabar berish va avtomatik o‘t o‘chirish ko‘zda tutilishi kerak.
Mavjud turar joy binolarining texnik tagxonalari, yerto‘la va yarim yerto‘la qavatlarida maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari, xususiy biznes ustaxonalari va tadbirkorlik faoliyati ob’ektlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtirilishi mumkin.
Bunda ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasida quyidagilarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Ya’ni oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan savdo qilish do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari, sartaroshxonalar, poyabzal tikish va ta’mirlash, optika, soat sozlash ustaxonalari, tikuvchilik va kashtachilik, atele), umumiy ovqatlanish korxonalari, restoranlar, kafe, kafeteriylar, muzqaymoq va chanqovbosdi ichimliklar barlari, bank xizmatlari ko‘rsatish tashkilotlari, aloqa xizmatlari ko‘rsatish tashkilotlari va kurerlik faoliyati, gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan savdo qilish do‘konlari, rassomchilik va haykaltaroshlik ustaxonalari, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlarning ofislari hamda idoralari, video va fotosuratga olish hamda kompyuter xizmatlari, tarjima va tahrir xizmatlari,dizayn, chizmachilik-grafika tashkilotlari, kiyim-kechak va idishlarni ijaraga berish tashkilotlari, riyeltorlik tashkilotlari, gazlamalarga naqshlar solish, trafaretli bosma va qo‘lda rasm chizish ustaxonalari, jismoniy tarbiya va sport muassasalari, davlat tashkilotlari, sug‘urta tashkilotlariga ruxsat beriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA