Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Turar joy auksion savdoga qo‘yildi
16:52 / 2025-08-04

Sirdaryo viloyatida qarzdor fuqaro tomonidan bank krediti o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli garovga qo‘yilgan turar joy xatlanib, auksion savdoga qo‘yildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi ma’lum qildi.

Qarz undiruvi fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 2025 yil 9 maydagi qaroriga asosan amalga oshirilgan. Sud “O‘zbekiston Sanoat-qurilishbank” ATB foydasiga qarzdor “M.A.”dan 519,1 million so‘m miqdoridagi kredit qarzini undirish to‘g‘risida ijro hujjati chiqargan.

Shundan so‘ng, mazkur ijro hujjati yuzasidan Byuro tomonidan tegishli huquqiy va amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, qarzdor tomonidan to‘lov majburiyati bajarilmagani bois, uning garovga qo‘yilgan turar joyi xatlanib, elektron auksion savdosiga chiqarildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kredit mablag‘lari – ishbilarmonlik faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim moliyaviy resurs hisoblanadi. Biroq bunday mablag‘larni to‘g‘ri maqsadda ishlatish va shartnomada belgilangan muddatlarda qaytarish har bir qarzdorning qonuniy burchidir.

Aks holda banklar sudga murojaat qilish, sud esa ishni majburiy ijro organlariga yuborish orqali qarzni qaytarish choralarini ko‘radi. Ijro jarayonida esa ko‘p hollarda mulk xatlanadi va savdoga qo‘yiladi.

Mazkur holatda ham shunday mexanizm ishga tushirilib, sotuvdan tushadigan mablag‘ to‘liq ravishda kredit qarzini qoplashga yo‘naltiriladi.

Majburiy ijro byurosi mutasaddilari aholini o‘z moliyaviy majburiyatlariga jiddiy yondashish, qarz shartlariga rioya qilish hamda bank bilan o‘zaro hamkorlikda muammolarni oldindan hal etishga chaqirmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri