Poytaxtimizda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamda Koreyaning Xorijda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish uyushmasi boshqarma boshlig‘i Li Kyong Vu boshchiligidagi tadqiqot guruhi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehmonlar institut faoliyati, mamlakatimiz tuproqlari haqidagi aniq ma’lumotlar bilan tanishtirildi. Sohada muvaffaqiyatli hamkorlikni ilmiy-innovatsion yondashuv asosida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Koreya delegatsiyasining yurtimizga tashrifidan maqsad qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali yer unumdorligi va hosildorlikni oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, potensial pilot hududlarni aniqlash, mavjud agrotexnik sharoitlarni tahlil qilish doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihaning konseptual asoslarini ishlab chiqishdan iborat.

Muloqotda Li Kyong Vu qishloq xo‘jaligi sohasidagi Koreya kompaniyalari xorijiy mamlakatlarga investitsiyalar kiritishni rag‘batlantirishi, resurslar rivoji, texnologiya transferi va texnik yordam ko‘rsatish orqali keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berdi.

O‘g‘itlar sohasida ekspert, konsultant Cho I Sok tomonidan organik o‘g‘it ishlab chiqarish va uni hududlarda joriy etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda o‘g‘it ishlab chiqarish texnologiyalari, o‘g‘itni tuproqda qo‘llash jarayonlari va o‘simlikning sho‘rlanishga chidamliligini oshirish hamda tajriba dalalaridan olingan natijalari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA