So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar respublikada sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangani, 69 foizga yaqin tuproq ustki qatlamida gumus miqdori bor-yo‘g‘i 0,5−1 foizni tashkil etgani, 600 ming gektar yaylov yerlari turli darajada degradatsiyaga uchraganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yer yuzidagi bugungi ekologik omillarning keskin o‘zgarishi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, saqlash va asrab-avaylashni talab etmoqda.
Tuproq bizni to‘ydiradi, kiyintiradi, hayot kechirishimiz uchun zarur ashyolar, jihozlarni vujudga keltiradi. Tabiatda uglerod aylanishida, suvning saqlanishi va filtrlanishida, zaminning toshqin va qurg‘oqchilikka chidamliligini oshirishda ham uning ahamiyati beqiyos. Tuproq unumdorligi buzilsa, 50 yilda qayta tiklanishi mumkin.
Joriy yil 2 fevralda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi asosiy prinsiplar, sohani davlat tomonidan tartibga solish, tuproq unumdorligini oshirish asoslari va tartibi belgilab berildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Yer egalari Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan o‘ziga tegishli yer uchastkasidagi tuproqning sifatini baholash to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega.
Shuningdek, yer egalari shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda tuproqning mavjud unumdor qatlamini sidirib olishi va saqlashi shart. Sidirib olingan tuproqning unumdor qatlamini qurilish tashkilotlari hokimliklar tomonidan belgilangan joylarga saqlash uchun olib chiqadi. Tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlanganda, yetkazilgan zararning o‘rni mahalliy byudjetga qoplanadi. Mazkur pul mablag‘laridan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun foydalaniladi.
Tuproqni o‘rganish Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining vakolatli tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA