Tuproq – inson hayoti va qishloq xo‘jaligining asosi. Uning unumdorligi oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biridir. Tuproqdagi ozuqa moddalari yetarli bo‘lmasa hosildorlik kamayadi, mahsulot sifati pasayadi va tabiat muvozanati buziladi. Shu sababli, tuproq unumdorligini saqlash va tiklash masalasi bugungi kunda butun dunyoda dolzarb hisoblanadi.
Latviyada tuproq unumdorligini saqlash va doimiy kuzatib borish masalasi zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu boradagi ishlar sun’iy yo‘ldoshlar yordamida amalga oshirilib, tuproqning holati, undagi ozuqa moddalari – azot, kaliy va fosfor miqdori aniqlanadi hamda fermerlarga ilmiy asoslangan tavsiyalar taqdim etiladi.
Soha mutaxassislaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Latviyada o‘tkazilgan tajriba almashish loyihasi doirasida Marupe hududidagi “Dabas Gardumi” oilaviy fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi, deyiladi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotida. Mazkur xo‘jalik “daladan bozorgacha” tamoyili asosida ishlaydi. U yerda tuproqdan namunalar olish, laboratoriyada tahlil qilish, o‘g‘itlarning ta’sirini aniqlash va hosildorlikni o‘lchash jarayonlari o‘rganildi. To‘plangan ma’lumotlar joyida Latviya davlat o‘simliklarni himoya qilish xizmatining KUVIS (Kultūraugu uzraudzī valsts informā sistē) platformasiga kiritiladi.
Delegatsiya, shuningdek, Marupedagi “Agrimatco” o‘simliklarni himoya qilish klinikasi faoliyatini ham o‘rgandi. Klinikada o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilishda qo‘llaniladigan biologik va mineral o‘g‘itlar, kimyoviy vositalar, agrotexnik asbob-uskunalar hamda pestitsidlar qo‘llanilishining nazorati bilan bog‘liq jarayonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Latviyada bu jarayonlarning barchasi raqamli tizimlar orqali boshqariladi. Ya’ni, mahsulotlar harakati, ularning ishlatilishi va nazorat jarayoni elektron tarzda monitoring qilinadi. Bu esa nafaqat ekinlar, balki inson salomatligi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, ilm-fanga asoslangan agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Latviyada o‘rganilgan ushbu tajribalar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mavjud tizimlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA