Qadim-qadimdan insoniyat yerga mehr berib, unga bir necha bosqichda ishlov berib keladi: yumshatadi, tekislaydi, begona o‘tlardan tozalaydi. Shunga yarasha undan unumli hosil oladi.
Xususan, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tomonidan ham bugungi kunda respublikamizdagi sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini saqlash, oshirish kabi tuproqqa oid ma’lumotlarni qayta ishlash hamda boshqarishda dolzarb vazifalarni bajarmoqda.
Jumladan, Institut va uning viloyatlardagi mintaqaviy bo‘linma xodimlari tomonidan dala-tadqiqot ishlari amalga oshirilib tuproq namunalari olinmoqda.

Institutning Sho‘rlangan tuproqlar genezisi, geografiyasi va melioratsiyasi bo‘limi boshlig‘i J.Turdaliyev boshchiligida bir guruh tadqiqotchi olimlar tomonidan tuproq kartalarini tuzish va tuproq sifatini baholash, xaritaga tushirish loyiha-qidiruv ishlari davom etmoqda.
Tadqiqotchilar tomonidan birgina Buxoro viloyatining jami 230 848 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida tadqiqot ishlari bajarilmoqda.
Ayni damda olimlar viloyatning Peshku tumanida 18 826 gektar, Romiton tumanining 23 401 gektar hamda G‘ijduvon tumanida 20 424 gektar maydonlarida belgilangan ish reja asosida nihoyasiga yetkazilmoqda.
Ota-bobolarimiz aytganidek: "Yerni boqsang, yer seni boqadi". Tuproqqa ham qanchalik ishlov bersak, shunchalik undan samara ko‘ramiz.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA