Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuproq unumdor bo‘lsa, hosildorlik yuqori bo‘ladi
14:11 / 2025-07-17

Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mo‘l-ko‘lligini ta’minlash va sohaning eksport salohiyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida kechiktirmasdan amalga oshirish, o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda ilmiy jihatdan o‘rganilgan tajribalarga tayangan holda ish yuritish bugungi kun talabidir.

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olishda tuproq tarkibini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda respublikadagi barcha ekin maydonlarining tuproqlarini agrokimyoviy tahlildan o‘tkazib, ularga tegishli xulosalar berish bilan shug‘ullanuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi agrokimyoviy tahlil markazi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda. Ana shu markaz faoliyati bilan tanishtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan press-tur tashkil etildi.

Tadbirda ishtirokchilar yerdan samarali foydalanish, tuproqning agrokimyoviy tahlilini o‘tkazish, mineral va organik o‘g‘itlarni ilmiy asoslangan holda qo‘llash, shuningdek, o‘simliklar, meva va sabzavotlarni turli zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Press-turda ta’kidlanganidek, o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, tomorqalardan samarali foydalanish, ularning agrokimyoviy tahlilini o‘tkazish, o‘simlik zararkunandalari va kasalliklaridan himoya qilish, ilmiy asosda e’tirof etilgan o‘g‘itlarni faqatgina tajribali mutaxassis bilan maslahatlashgan holda qo‘llash mo‘l hosil olishga zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida” gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimidagi ayrim tashkilotlar tuzilmalarini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorlari asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi agrokimyoviy tahlil markazi tashkil etildi. 

Markaz qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari tuproqlari unumdorligini oshirish maqsadida shartnoma asosida agrokimyoviy tahlildan o‘tkazish va shu asosda yerdan foydalanuvchilarga ilmiy asoslangan tavsiyalar ko‘rsatilgan agrokimyoviy kartogrammalar ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral o‘g‘itlar sifatining tegishli davlat standartlariga mosligini tahlil qilib, xulosa beradi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan o‘g‘itlarning davlat standarti talablariga muvofiqligini aniqlash, shuningdek, tuproqlarning zararli pestitsidlar, radionuklidlar va og‘ir metall qoldiqlari bilan ifloslanishi bo‘yicha monitoring yuritish tadbirlarini ham amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Agrokimyoviy tahlil markazi Orolbo‘yi hududida tuproqning agrokimyoviy tahlilini amalga oshiruvchi yagona korxona hisoblanadi. Markaz Germaniya, Rossiya va Hindiston davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy laboratoriya uskuna va jihozlari bilan ta’minlangan. Mutaxassislar bilim va malakasini oshirish bo‘yicha Toshkent shahrida maxsus tashkil etilgan kurslardan o‘tgan. Ta’kidlash joizki, markaz 2023 yil 4 oktyabrda "O‘zbekiston akkreditatsiya markazi" DUK texnik jihatdan tajribasi ma’qullanganligini tasdiqlovchi ML.1211-sonli guvohnomani O‘zbekiston Respublikasida birinchilardan bo‘lib oldi. 

Tuproq agrokimyoviy tahlilini o‘tkazish uchun 389 ta yerdan foydalanuvchilar bilan 31 ming 206,7 gektarga shartnoma tuzildi. Ushbu shartnomalar asosida 22 ming 591,1 gektar yer maydonlaridan tuproq namunalari olindi hamda tahlildan o‘tkazildi. Tahlil natijalariga asosan, 28 ming 658,1 gektar yer maydonlarining agrokimyoviy kartogrammalari ishlab chiqildi. Shu bilan bir qatorda, 2025 yil 6 oy davomida "O‘zagrolab" platformasiga kartogrammalar kiritildi. Mineral o‘g‘itlarni tahlildan o‘tkazish uchun 5 ta shartnoma tuzilib, 68 ta namuna agrokimyoviy tahlildan o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 6 ta tumandagi 11 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 4 ming 375 tomorqa yer egalarining 262,5 gektar yer maydonining agrokimyoviy xulosalari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2 ming 268 fermer xo‘jaligining 905,4 gektar dala cheti hamda 820 ta kollektor-drenaj atrofidagi 98,6 gektar maydon tuproqlari agrokimyoviy tahlildan o‘tkazilib, xulosalar berildi.

Tadbir ishtirokchilari Agrokimyoviy tahlil markazi laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri