Tuproq eroziyasi – tuproqning eng unumdor yuqori qatlamlari va tuproq osti jinslarining atmosfera yog‘inlari hamda sug‘orish suvlari, shamol va boshqa ta’sirida yemirilish jarayoni. Tabiiy tuproq eroziyasi nisbatan sekin kechib, tuproq tabiiy hosil bo‘lish jarayonida qayta tiklanib turadi.
Jadallashgan tuproq eroziyasi odamning xo‘jalik faoliyatida madaniy o‘simliklarni o‘stirishda yerdan noto‘g‘ri, uquvsiz foydalanishi, eroziyaga qarshi tadbir choralariga rioya qilmay yerlarni o‘zlashtirishi, sug‘orish, chorva mollarni boqish, o‘rmonzorlarni yo‘q qilish, qurilish ishlarini olib borish va boshqalar natijasida yuz berib, tuproq unumdorligini sezilarli darajada pasaytirib yuboradi.
Mavjud vaziyatni yaxshilash va tuproq eroziyasini samarali tahlil qilish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) “Tuproq eroziyasini baholash va RUSLE modelini qo‘llash” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ekologiya vazirligi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qurg‘oqchil mintaqalar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) hamkorligida, AQSH O‘rmon xizmati (USFS) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Degradatsiyaning oldini olish: Markaziy Osiyoda yer va iqlimning zaifligini kompleks baholash orqali eroziya va sel xavfini kamaytirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Seminar davomida yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va mutaxassislar RUSLE (“Revised Universal Soil Loss Equation”) modeli asosida tuproq eroziyasini baholash, GIS texnologiyalari va masofadan zondlash ma’lumotlari bilan ishlash bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini mustahkamlashmoqda. Shuningdek, ArcMap dasturida RUSLE modeli parametrlari bilan ishlash, fazoviy tahlil o‘tkazish va ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borishmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA