Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuproq degradatsiyasi va havo ifloslanishi muammolariga bag‘ishlangan seminar
16:12 / 2025-10-06

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida ko‘p fazali oqimlar va ularning hududiy muammolarning yechimida qo‘llanishi bo‘yicha xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar ekologiya, suvni tejash texnologiyalari, tuproq degradatsiyasi va havo ifloslanishi muammolari kabi mintaqamiz uchun muhim bo‘lgan amaliy yo‘nalishlardagi tadqiqotlarga bag‘ishlandi.

Seminar ishi sug‘orish natijasida tuproqlarning yemirilishi sharoitida suv resurslarining taqchilligi, sanoat faoliyatidan zararli chiqindilarni kamaytirish va boshqa ekologik xavfsizlik muammolarni hal qilish mexanizmlarini aniqlashga qaratilgan.

Seminar doirasida Orol dengizi havzasi muammolari bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi.  

Seminarning asosiy maqsadi suv resurslarini boshqarish, ekologiya muammolari, atmosferadagi zararli chiqindilarni kamaytirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ekspertlar va olimlar o‘rtasida tajriba va bilim almashish uchun platforma yaratishdan iborat.

Seminarning vazifasi keyingi tadqiqotlarga tavsiyalar va yo‘l xaritasini ishlab chiqish, shuningdek, turli mamlakatlar ekspertlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yangi tadqiqot loyihalarini shakllantirishdan iboratdir.

– Seminarning tematik yo‘nalishlari — suyuqlik va ko‘p fazali muhitlar mexanikasi, havoning ifloslanishi va turbulent modellar, amaliy masalalarni yechish uchun zamonaviy dasturiy paketlarni qo‘llashdan iborat, – deydi M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti katta ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori (DSc) Muzaffar Hamdamov. – Ushbu forumni o‘tkazish natijasida xalqaro aloqalarni yanada kengaytirishga erishiladi. Bu innovatsion loyihalarni samarali amalga oshirish uchun milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosda dolzarb muammolarning keng doirasini aniqlash va hal qilish, shuningdek, ta’lim va ilm-fanning  o‘zaro uyg‘un ta’siri, ilmiy jamoalar va hamkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Tadbir davomidagi bahsli munozaralar yangi tashabbuslarning paydo bo‘lishi hamda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim bo‘lgan muammolarning innovatsion yechimlarini ishlab chiqish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi.

Nigora Rahmonova, O‘zA