Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuprog‘i zar, dur Vatan...
09:39 / 2023-12-15

Vatan bu – biz tug‘ilib, sog‘-salomat o‘ynab-kulib, duo-yu fotihalari bilan boshimizga toj bo‘lib turgan ota-onalarimizning bag‘rida voyaga yetgan aziz go‘sha. Mahalla, maktab, qo‘yingki, biz yashab, ko‘rib, his qilib turgan hamma-hamma narsa...

Vatan. Shu birgina so‘z zamirida quloqlarimiz ostida ilk yangragan alla nolalari, jamiki ezguliklar, o‘lmas urf-odatlar va an’analar, tiriklikning qaynoq nafasi mujassamdir. Vatan, bamisoli bizni dunyoga keltirib, oq yuvib, oq tarab, evaziga hech nima ta’ma qilmagan Ona kabi... 

Onamiz bolalikdan otayotgan tong quchog‘ida boshimizni silab, erkalab uyg‘otgan, yaxshiliklarga undagan zot bo‘lsa, Vatan ulug‘-ulug‘ maqsadlar sari chorlagan va hamisha yo‘llaringa intiq bo‘lgan aziz go‘sha... 

Onaizorimiz oq yuvib, oq taragan bo‘lsa, Vatanimiz mana shu oqlikni yuragimizga ko‘chirgan Ka’ba, degim keladi. 

         Qadim qadriyatlar beshigi o‘zing,

         Farzandlarning fazl-u kamoli o‘zing. 

         Qayga borar bo‘lsam, mudom qo‘llabon, 

         Onam zor-zor kutgan eshigim o‘zing. 

Vatanning sal kichikroq ko‘rinishi, bu shubhasiz, mahalla. E’tirof etishlaricha, yer yuzida bizdagidek asrlar bag‘rida sayqallangan, odamlarni  o‘lmas qadriyatlar, buyuk oqibatga undovchi, axloqiy-ma’naviy qadriyatlarni avloddan-avlodga yetkazuvchi maskan yo‘q ekan. 

Mahallalar birlashib, ulkan kuchga aylanadi va jamiyat, mamlakat taraqqiy topadi. Mahalla unda yashovchi har bir oilaning eng yaqin maslahatchisi, tog‘day tayanchidir. Bugun  ommaviy axborot vositalarida “Falon mahallada bu yil bitta ham jinoyat sodir bo‘lmadi” degan xabarlarga bot-bot duch kelamiz va bundan ko‘ngil yayraydi.

Aslida, xursandchilik kunlarda ham, boshga ish tushgan onlarda ham bir-biriga hamdard, hamnafas bo‘lish xalqimizga xos odatlardan. Shuning uchun ham “Otang – mahalla, onang – mahalla” degan naqlni to‘g‘ri qabul qilamiz, qadrlaymiz. Mahallam – faxrim, deya g‘ururlanamiz.

Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta mahalla tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi belgilab qo‘yildi”. Bu maqom kundan-kunga yuksalib borayapti. Mahallaning jamiyatdagi o‘rni, mavqei, vakolatlari kengayibgina qolmay, mahallaga ko‘pgina mas’uliyatli yangi vazifalar va majburiyatlar ham yuklatildi. 

Mahalla, bu – katta Vatanning ostonasi. Barcha yaxshiliklar ana shu ostonadan boshlanajagiga zarracha shubham yo‘q.

Yer yuzida shunday yurtlar borki, yil-o‘n ikki oy yoz bo‘lmaydi yoki aksincha. O‘shanday yurtlarda yashovchilar ham Vatanini boshqa yurlartga almashmaydilar, chunki bu yerda Vatan tuyg‘usi degan nozik masala bor. Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash qiyin. Uni faqat his qilish mumkin, xolos. Mana shunday tuyg‘u bilan biz O‘zbekistonimizni sevamiz. 

Shu o‘rinda rahmatli bobom bilan buvimning (Oxiratlari obod bo‘lsin) serquyosh yurtimiz haqidagi fikrlari beixiyor yodimda tushadi. Ular doim ikkinchi jahon urushi davridagi og‘ir kunlar, qahatchilik va shu bilan bog‘liq ba’zi bo‘lgan, eshitgan voqealarini, o‘zlari ko‘rgan-bilganlarini so‘zlab berganlarida: “Odam Vatanini, garchi u cho‘l bo‘lsa ham, boricha sevadi. Vatanga muhabbat tuyg‘usi – savqi ilohiy. Inson Vatanidan boshqa joyda, xotirjam bo‘la olmaydi. Alloh taolo hazrati inson qalbiga, uning jismu-joniga o‘z Vataniga bo‘lgan mehr-muhabbat va sog‘inch tuyg‘ularini solgan. Zamonlar o‘tishi, asrlar almashishi bilan hamma narsa unutilishi mumkin, lekin bu kunlarga yetguncha qancha qonlar to‘kilib, qurbonliklar berdik. Vatan uchun qilingan xizmat aslo unutilmaydi. Tinchlikda yashayotganimizga shukr bolam, bu mustaqilligimizning bizga bergan totli mevasi, bu kunlarning qadriga yetinglar, bolalarim doimo hamyoningizda sabr va shukr bo‘lsin. Bugun siz tabiiy boyliklarga serob diyor, eng yaxshi zamon farzandlarisiz, a’lo baholarga o‘qib o‘z bilimingizni oshiring” deb, ko‘p bora aytishar edi. Bu hikmatga teng so‘zlar hayot yo‘limizda har birimizga hamroh bo‘lsa, kelajagimiz oydin, oilalarimiz yanada mustahkam, metin bo‘ladi.

Bobom bilan buvimning nurli yuzlaridagi ajin izlari ular ko‘rgan azoblarining belgisi ekanligini, u paytlar ancha yosh bo‘lsam-da, albatta, anglab yetganman. Haqiqatdan ham ular chekkan mashaqqatlar – ham o‘qib, ham ishlab kun ko‘rganliklari, ota-onalariga ko‘mak berish uchun har qanday og‘ir ishdan ham qaytmaganliklari men uchun bir umrlik ibrat maktabi bo‘lib qoldi. 

Xotiramdagi bu kechinmalarni eslash bilan birga, jismu jonim, qalbim larzaga keldi, ko‘zlarimda yosh aylandi.  Shunday aziz bobo, buvilarning avlodi ekanligimdan faxrlanib ketdim, ularning o‘z davrlarida chekkan azoblari, mashaqqatlari uchun bugun shunday sharofatli kunlarda yashayapmiz. 

Yaratganim o‘zingga shukr, dorilomon kunlaring uchun,

Madadkorim o‘zingga shukr, tinchlik berib suyganing uchun.

Neki qilsak, sen uchun kamdir bizga bergan non tuzing uchun,

Suyanganim boringga shukr, bizni shunday asraganing- chun.

Alqissa, katta maqsadlar sari olg‘a intilayotgan odamlar, xususan, yoshlar, shoshilmay ba’zi-ba’zida ortiga ham qarab qo‘yishi shart. Ortimizda davr sinovlaridan o‘tgan katta hayot maktabi borligini unutmasligimiz lozim. U bizning kimligimizni eslatib turadi va ildam qadam tashlashimizga kuch-quvvat beradi. Men Yangi O‘zbekistonni ota-bobolarimiz orzu qilgan, kurashgan va ilk g‘ishtlarini qo‘yib ketgan sof milliy qiyofada tasavvur qilaman va bu yo‘lda qo‘limdan kelgancha xizmat qilishga tayyorman...

 

Madina Zufarova, 

“RENAISSANCE” universiteti

Filologiya va tillarni o‘qitish 

fakulteti talabasi,

O‘zA