Huquqiy munosabat
O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqin ko‘targanlik, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Xo‘sh, bu borada javobgarlik qaysi hollarda amalga oshiriladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Jaloliddin Qo‘chqorov bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
–O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga ko‘ra, tungi vaqtda, jumladan, soat 23:00 dan 06:00 gacha fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish, ya’ni baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish, shuningdek maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzuvchi boshqa harakatlarni sodir etish mumkin emas.
Bu holatda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, ularga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA