Huquqiy munosabat
Tungi vaqtda baland ovoz bilan qo‘shiq aytish, musiqa chalish, tovush signallari berish, xonadonlarda, turar joylarning yo‘laklari va eshiklarida, ko‘chalarda ovozi baland qilib qo‘yilgan televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalardan foydalanish, turar joy binolarida va ulardan tashqarida juda zarur bo‘lmagani holda shovqin chiqaruvchi ishlar qilish taqiqlanadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik inson va jamiyat farovonligi yo‘lida fuqarolarning huquq va erkinliklari, mulkni, davlat va jamoat tartibini, tabiiy muhitni muhofaza qilishni, ijtimoiy adolat va qonuniylikni ta’minlashni, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning o‘z vaqtida va ob’ektiv ko‘rib chiqilishini, shuningdek bunday huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish ruhida tarbiyalashni nazarda tutadi.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga ko‘ra, tungi vaqtda, jumladan, soat 23.00 dan 06.00 gacha fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, mansabdor shaxslarga esa ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. To‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga olib keladi.
Umuman olganda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA