English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tungi reydlar: ko‘za kunda emas...
12:55 / 2026-02-03

“Hududgaz Buxoro” filiali tomonidan noqonuniy gaz iste’moliga qarshi reyd tadbirlari Vobkent tumanida o‘tkazildi.

Xususan, tumanning “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro J.J. o‘z xonadonida zamonaviy gaz hisoblagichning filtr qismiga rezina shlang va gaz so‘rg‘ich orqali noqonuniy ulanib, 43 934 metr kub tabiiy gazdan qonunga zid ravishda foydalangan. Ushbu holat natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 143 million 319 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Buxoro tumanining Yurun bolo mahallasida yashovchi iste’molchi R.M. xonadoni tungi reyd tadbiri davomida ko‘zdan kechirilganda, fuqaro gaz hisoblagichdan oldin yashirin yo‘l bilan gaz quvuriga ulangani aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u 45 million 84 ming so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Buxoro shahrining Sadriddin Ayniy mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.H. esa tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 5 013 metr kub energiya resursidan noqonuniy foydalangan va natijada 15 million 39 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgani hisoblab chiqildi.

Qorako‘l tumani “Do‘stlik” mahallasi Saodat ko‘chasida yashovchi M.S. xonadoni tungi reyd davomida o‘rganilganda, 20 011 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, filialga 60 million 33 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Filialning “Moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan tungi reydlarda ham bir qator qonunbuzarlik holatlari bartaraf etilmoqda.

Jumladan, Buxoro shahri G‘ijduvoniy mahallasining Orifon ko‘chasida yashovchi fuqaro J.T. elektron gaz hisoblash uskunasidan oldin gaz quvuri tortib, xonadonda tashkil qilingan tovuqxona binosini isitish maqsadida 57 675 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Natijada gaz ta’minoti korxonasiga 173 million 25 ming 600 so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shuningdek, shaharning Jo‘bor mahallasida joylashgan noturar bino fuqaro M.J.ga tegishli bo‘lib, u yerda tovuqxona fermasi ishchi-xodimlari uchun yashash binosi tashkil etilgan. Tadbirlar davomida mazkur binoda tabiiy gaz quvurining kirish qismi bosh jo‘mrakdan muhr orqali yopib qo‘yilganiga qaramasdan, hovli ichidagi quvurga yashirin yo‘l bilan gaz hisoblagichsiz ulanganligi aniqlandi. Iste’molchi 67 377 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan bo‘lib, ushbu holat 202 million 131 ming so‘m miqdorida moddiy zarar keltirgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.