Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirov rahbarligida “Xavfsiz xonadon” oyligi doirasida tungi nazorat tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda boshqarmaning Yangiyer shahar bo‘limi hamda boshqa tegishli tuzilmalar xodimlari ishtirok etishdi.

Polkovnik Xurshid Sadirovning aytishicha, bunday nazorat tadbirlari qish faslida aholi xavfsizligini ta’minlash, is gazidan zaharlanish va yong‘in kabi favqulodda vaziyatlarni oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

– Chunki “Xavfsiz xonadon” oyligi doirasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar orqali xonadonlarda turli texnogen holatlar, eng muhimi xavfsizlikka daxlli kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etiladi. Bu esa aholining tinch va osoyishta turmush kechirishiga, ayniqsa yoshlar orasida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi polkovnik.

Nazorat tadbirlari davomida energetika va kommunal xizmatlar tashkilotlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda energetika infratuzilmasining barqaror ishlashini ta’minlaydigan maxsus texnika, uskunalar va materiallar zaxiralari tekshirildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylar fondlarida xavfsizlik holati baholandi va zarur profilaktik choralar belgilandi.

Tadbir davomida avariya-tiklash guruhlarining faoliyati, murojaatlarni qabul qilish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tizimi ham qayta ko‘rib chiqildi. Isitish mavsumi davomida xavfsiz ishlashni ta’minlash maqsadida mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar va tegishli yo‘riqnomalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri