Toshkent viloyati Toshkent tumanida atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi ekoreyd nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan mazkur reydlar tumanning "Hasanboy guzari" MFY hududida joylashgan ayrim issiqxonalar faoliyatini qamrab oldi.
Nazorat jarayonida issiqxonalardagi isitish pechlari hamda havoni tozalash filtrlarining texnik holati batafsil o‘rganildi.
Mutaxassislar issiqxona egalari bilan birgalikda ushbu uskunalarning to‘g‘ri ishlashi, texnik talablarga muvofiqligi va muntazam texnik nazoratdan o‘tkazilayotganini tekshirdi.
O‘rganishlar natijasida reyd davomida ko‘zdan kechirilgan barcha issiqxonalarda isitish pechlari va tozalash filtrlari soz holatda ekani, shuningdek, ular doimiy texnik kuzatuvda ishlatilayotgani aniqlandi.
Shu bilan birga, issiqxona egalariga amaldagi ekologik tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, atrof-muhitga zarar yetkazuvchi tashlamalarning oldini olish hamda ekologik xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ekoreyd nazorat tadbirlari hududlarda ekologik holatni barqaror saqlash, issiqxonalar faoliyatida ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlash hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirlarning oldini olish maqsadida kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/q1jSYtTwMYQ" title="Tungi ekoreyd: Isitish pechlarining texnik holati o‘rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hamroz Bayanov,
Oybek Davronov (video), O‘zA