4-6 noyabr kunlari Markaziy Osiyo bo‘yicha Tumaris.Hack. xakatoni bo‘lib o‘tadi. Onlayn formatda o‘tkaziladigan musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan qizlar ishtirok etadi. Qatnashchilar ikki kun davomida muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etadigan dasturiy mahsulotlarning namunalarini ishlab chiqadi.
Tanlov qoidalariga ko‘ra, ularning loyihalari ilmiy va texnik jihatdan ajralib turishi kerak.
Xakaton AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi, Beeline Uzbekistan, TBC Bank va Huawei kompaniyalari hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda xakaton uch yo‘nalish bo‘yicha bo‘lib o‘tadi. Unda tanlov ishtirokchilari moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan ilovalar, sayt va algoritmlarni ishlab chiqadi hamda elektron tijorat sohasidagi ishlanmalarini taklif qiladi. Bu ishlanmalar onlayn-savdolar va eksport hajmini oshirishga, mahsulotlarning mahalliy va xorijiy bozorlarda sotilishiga yordam berishi kerak. Sun’iy intellekt, neyrotexnologiyalar, robot texnologiyalari va yangi materiallardan foydalangan holda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish ham tanlovning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Xakatonda ishtirok etish uchun arizalar uch nafargacha bo‘lgan kishidan iborat jamoalardan qabul qilinadi. Ayni damda, qatnashchilarning ikki nafari yoki jamoa rahbari qiz bola bo‘lishi shart. Ishtirokchilar shuningdek, yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tib, keyinchalik jamoa tuzishlari ham mumkin.
Musobaqa sovrini 8000 dollarlik qimmatli sovg‘alarni tashkil etadi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA