Prezident topshirig‘i – amalda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili fevral oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi sonining o‘sishi bilan elektr energiyasi iste’moli ortib borayotganligini ta’kidlagan edi. So‘nggi besh yilda yurtimizda aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari soni ko‘payganligi natijasida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr energiyasiga talab 40 foizga ko‘payganligini qayd etib o‘tgandi.
Davlatimiz rahbari yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida 2024 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 20 dan ortiq gidroelektrostansiyalar ishga tushirildi. Umuman, birgina shu yilning o‘zida Jalaquduq, Baliqchi, Buloqboshi, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Izboskan, Paxtaobod tumanlari hamda Xonobod shahrida qiymati 70 million dollarga teng loyihalar doirasida quvvati 31,3 MVtli 14 GES, qiymati 50 million dollarga teng loyihalar doirasida quvvati 23,7 MVTga 458 ta mikro GESning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, ana shu GES va mikro GESlarning ishga tushishi bilan 220 mingta xonadonning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qoplanadi.
Marhamat tumanining Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh, chekka “Rohat” mahallasi hududida yangi gidroelektrostansiyaning qurilib, foydalanishga topshirilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri hisoblanadi.
Umumiy qiymati 8,8 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha “Mingtepa gidro energiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanical” LTD hamda “XJY Power PTE” LLC kompaniyalari hamkorligida amalga oshirildi.
Katta Farg‘ona kanalida barpo etilgan yangi gidroelektrostansiyaning quvvati 4,5 MVtni tashkil etadi, yiliga 19,4 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 20 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Endilikda yiliga 5,2 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, tumandagi 8 mingga yaqin xonadon uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, yangi gidroelektrostansiyalar qurish, mavjud, lekin uzoq yillardan buyon ishlamay turgan mini GESlarni ishga tushirish orqali aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan ishlar reja asosida davom etmoqda.
Xususan, 2025-2026 yillarda viloyatda “O‘zbekgidroenergiya” AJ, mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng loyihalar doirasida jami quvvati 200 MVt bo‘lgan 763 ta kichik va mikro gidroelektrostansiya qurish, foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-25205]
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida 2027 yilga borib gidroenergetika viloyatning elektr energiyaga bo‘lgan talabining 45 foizini ta’minlaydi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari