English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tumanlararo perinatal markaz foydalanishga topshirildi
11:19 / 2026-01-05

Buxoro viloyati Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasi huzuridagi tumanlararo perinatal markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Markazning ochilishida tuman hokimligi, tibbiyot birlashmasi mas’ullari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida to‘xtalib, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakat tufayli tibbiyot muassasalari moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanayotgani, tibbiyot xodimlari mehnati munosib rag‘batlantirilayotganini alohida ta’kidladi.

 Ishtirokchilar perinatal markazda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. Ikki qavatli, zamonaviy talablar asosida qurilgan bino to‘liq jihozlangan bo‘lib, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Markazda 5 ta zal, UZI xonasi, bemorlar maxsus xonasi, og‘ir bemorlar uchun palata, tug‘ruq zali, shifokorlar xonasi, 2 ta jarrohlik amaliyoti xonasi, har bir qavatda 4 nafardan bemor o‘rniga ega 3 ta jarrohlik amaliyotidan keyingi xonalar mavjud.

Mazkur loyiha uchun qariyb 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, nafaqat Qorako‘l, balki Olot, Jondor va boshqa tumanlar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan zamonaviy “Mindray” rusumidagi tibbiy apparatlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, “Osiyo taraqqiyot banki” krediti asosida xarid qilingan olti turdagi zamonaviy tibbiy texnik vositalar onalar va chaqaloqlar salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.