Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tumandagi muammolar tanqid ostida
16:41 / 2025-08-13

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilish odatiy hisobot emas, balki aniq muammolar va yechimsizliklar muhokama qilingan tanqidiy maydonga aylandi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov boshchiligidagi yig‘ilishda viloyat va tuman darajasidagi rahbarlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Ammo yig‘ilish mazmunidan kelib chiqadigan bo‘lsak, faqat ishtirok etishning o‘zi yetarli emasligi yaqqol ko‘rindi.

Ta’kidlanishicha, tumanda aholi bandligini ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish, sanitariya va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish sohalarida jiddiy kamchiliklar mavjud. Bu muammolar oddiy ma’muriy bo‘shliq emas, balki rahbarlar tomonidan o‘z vaqtida chora ko‘rilmagani sababli chuqurlashib boryapti.

Yig‘ilishda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham tanqid ostiga olindi. Ayniqsa, mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yili arafasida bo‘lishimizga qaramasdan, ayrim maktablarda ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanmagan, moddiy-texnik baza yetarli emasligi, muassasalar atrofi obod emasligi keskin muhokama qilindi.

Rahbarlarga berilayotgan topshiriqlar qog‘ozda qolib ketmasligi lozim. Bu safar tumanning sanitariya holati, ko‘chalarni ta’mirlash, yoritish tizimini yaxshilash, tibbiy va maishiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Ammo bu vazifalar avval ham aytilib, amalga oshirilmagan edi.

Yig‘ilishda rahbarlarga yana bir bor eslatildi: faqat yuzaki hisobot emas, aniq natija kerak. Vaqt sanoqli, muammolar esa aholini muntazam qiynab kelmoqda. Ularning yechimi — mansabdor shaxslar mas’uliyati va jonbozligiga bog‘liq. 

A.Qayumov, O‘zA muxbiri