English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuman markazida zamonaviy savdo majmuasi qad ko‘taradi
17:53 / 2025-09-19

Jizzax viloyatining Zomin tumani markazida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishiga rasman start berildi.

Qurilishning boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan g‘isht qo‘yish marosimida Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev, Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov hamda boshqa mas’ul shaxslar so‘zga chiqib, ichki, tashqi, sayyohlik va gastronomik turizmni rivojlantirish borasidagi rejalar, zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi afzalliklari, sayyohlar uchun yaratiladigan sharoitlar va yangi ish o‘rinlari haqida atroflicha so‘z yuritishdi.

Respublika loyihalashtirish instituti tomonidan ishlab chiqilgan mazkur majmua loyihasida asosiy e’tibor ekologik turizmni rivojlantirish, tabiat bilan uyg‘unlikda dam olish imkoniyatlarini yaratish va iqtisodiy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, loyihada zamonaviy texnologiyalar va ekologik toza konstruksiyalar qo‘llanilishiga alohida e’tibor berilgan. Majmua atrofida manzarali daraxtlar ekilib, atrof-muhitga zarar yetkazmasdan yashil hududlar yaratiladi.

Bundan tashqari, zip-layn, foto-zonalar, mahalliy ekologik toza mahsulotlardan taom tayyorlashga mo‘ljallangan ovqatlanish shoxobchalari va avtoturagohlar tashkil etiladi. Qurilishning birinchi navbati 2026 yilning may oyida topshirilishi rejalashtirilgan.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA