Guliston tumanining “Soyibobod” mahallasidagi “Yuksalish” tantanalar uyida 25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tuman IIB xodimlari, sohaning ko‘p yillik tajribaga ega faxriylari, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqqan tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev ichki ishlar tizimida fidokorona xizmat qilayotgan barcha xodimlarni bayram bilan chin dildan tabrikladi.

– Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik – eng oliy ne’mat. Shu ne’matni muhofaza etish yo‘lida o‘z burchini sidqidildan bajarayotgan ichki ishlar xodimlari xalqimizning haqiqiy suyanchi va iftixoridir, – dedi tuman hokimi o‘z nutqida.

Tadbir davomida xizmat burchini namunaviy ado etib kelayotgan bir qator xodimlar va mehnat faxriylariga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bayram yakunida tuman madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Jonli ijroda yangragan kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri