Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sug‘diyona Normo‘minovani Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan 2025 yilgi yoshlar Para Osiyo o‘yinlari qo‘lga kiritgan g‘alabasi bilan tabrikladi.
Nufuzli musobaqa O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Sportchilarimiz Vatanga 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medal bilan qaytdi. Umumjamoa reytingida birinchi o‘rinni egalladi.


Muzrabotlik Sug‘diyona Normo‘minova ham sportning para taekvondo turi bo‘yicha +65 kilogramm vazn toifasida raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Sug‘diyona Normo‘minova Surxondaryo viloyati Para Olimpiya tayyorlov markazi talabasi. Para taekvondo bo‘yicha bir necha karra O‘zbekiston chempioni. Joriy yilning 25 iyul – 1 avgust kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada ham O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, faxrli uchinchi o‘rinni egallagan edi.


Chempion qiz bilan uchrashuvda uning ota-onasi va oila a’zolari ham ishtirok etdi. Tuman hokimi Sug‘diyonaning ota-onasiga mustahkam irodali chempion qizni tarbiyalab, ulg‘aytirayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Esdalik sovg‘alarini topshirib, uni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanini bildirdi. Kelgusi bellashuvlarda ham O‘zbekiston bayrog‘ini faxr-iftixor bilan yanada baland ko‘tarishiga omad tiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri