"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida navbatdagi keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur tashabbus nafaqat hudud ekologiyasini yaxshilash, balki aholi uchun sog‘lom, so‘lim va imkoniyatlarga boy yashash muhitini yaratishni ham nazarda tutadi. Bugun mahallalarning umumiy qiyofasi, ayniqsa aholi ishtirokiga asoslangan bunday sa’y-harakatlar orqali tubdan yangilanib bormoqda.
Tadbirda tuman hokimi Abdurahim Umarov boshchiligida tuman tashkilotlari rahbarlari, mehnat va jamoat faxriylari, nuroniylar, yoshlar hamda mahalliy aholi faol ishtirok etdi.

8 gektar maydonda Mirzaobod tumani iqlimi va tuproq sharoitiga mos, sho‘rlanishga chidamli manzarali va mevali daraxtlar — yasen, katalpa, jiyda, qayrag‘och, sasna kabi ko‘chatlar ekildi.
Obodonlashtirish ishlariga tuman obodonlashtirish bo‘limiga qarashli maxsus texnika jalb etilgani ishlar samaradorligini yanada oshirdi.

Loyihaning ahamiyati yil sayin ortib, Mirzaobodda ham birlik va hamjihatlik muhiti shakllanib bormoqda. Ayniqsa, aholi ishtirokidagi xayriya, hashar va jamoaviy mehnat an’analari yanada mustahkamlanmoqda.
– Aholimiz atrofni bog‘larga aylantirish, go‘zal va dam oladigan maskan yaratish yo‘lida birlashmoqda, – deydi mehnat faxriysi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zosi Jumaboy Qosimov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu xayrli harakat natijasida tuman hududi o‘n-o‘n besh yil avvalgi ko‘rinishiga aslo o‘xshamaydi. "Yashil makon" maqsadida ekilgan ko‘chatlar havoni musaffolashtirish bilan birga qishloq va mahallalarimizga yangi ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Tadbir doirasida jami 14 ming tup daraxt ko‘chatlari yerga qadaldi. Qatnashchilarning ta’kidlashicha, bunday loyihalar nafaqat ekologik barqarorlikka xizmat qiladi, balki yoshlarda tabiatga nisbatan mehr, g‘amxo‘rlik va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytiradi. Nuroniylardan tortib rahbarlar, xizmatchilar va yoshlargacha bir safda mehnat qilib, mazkur xayrli ishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi.
“Yangi O‘zbekiston” mahallasidagi ushbu tashabbus tumanning boshqa hududlarida ham izchil davom etmoqda. Mirzaobodning barcha qishloq va mahallalarida barpo etilayotgan yangi yashil hududlar kelajak avlod uchun sog‘lom muhit, hordiq va dam olish imkoniyatlarini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mirzaobod tumanida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari mamlakatimizdagi keng ko‘lamli ekologik islohotlar va “yashil siyosat”ga uyg‘un tarzda rivojlanmoqda. Bu esa kelgusida yanada musaffo, ko‘rkam va barqaror ekologik muhitni shakllantirishga, shuningdek, hududning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, (video) O‘zA muxbiri