Mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150 - yubiley assambleyasi o‘z ishini boshladi.
2025 yil 5 - 9 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan anjumanda dunyoning 190 ga yaqin davlati parlamentlari vakillari, xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
E’tirof etish kerakki, parlamentlar bilan bog‘liq bunday keng ko‘lamli nufuzli anjuman nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba mintaqamizda o‘tkazilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida bu tadbirning yurtimizda tashkil etilgani jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning jahon siyosati markazlaridan biri sifatida e’tirof etilayotganini ham tasdiqlaydi.
Assambleyada ishtirok etayotgan Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Tuliya Ekson bilan suhbatlashdik:
– Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasiga mezbonlik qilayotgan O‘zbekistonga chuqur minnatdorligimni bildiraman. Bunday yig‘ilishlarni tashkil etish oson emas. Shu sababli, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bizni o‘z mamlakatida qabul qilgani uchun alohida tashakkur aytaman. Senat Raisiga barcha tashkiliy masalalarni puxta amalga oshirgani uchun rahmat deyman.
Bizning bu yerga tashrifimiz, albatta, O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak hurmatimiz va bu yerda olib borilayotgan jarayonlarga katta e’tibor qaratayotganimizni ko‘rsatadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Parlamentlararo Ittifoq tamoyillarini – diplomatiya, demokratiya va boshqa sohalarda faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biridir.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni e’tirof etamiz va mamlakatning qanday taraqqiy etganini ko‘rib turibmiz. Shu munosabat bilan barqaror rivojlanib borayotgan mamlakat rahbariyatini harakatlari natijasi bilan tabriklayman.
Assambleya davomida biz adolat va ijtimoiy taraqqiyot mavzularini jamlab, ular qanday uyg‘unlashishi mumkinligini muhokama qilamiz.
Shu yil davomida biz Pekin Harakat platformasining 30 yilligini ham nishonlaymiz. Tadbir ayollar huquqlari haqida bo‘lib, bu esa taraqqiyotning ajralmas qismidir.
O‘zbekiston Prezidentining quyi va yuqori palatalarda ayollar sonini ko‘paytirish yo‘lida ko‘rsatgan harakatlarini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Umumiy hisobda, O‘zbekiston parlamentida ayollar soni 37 foizdan oshdi. Bu esa, hozirda jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkich (26 foiz)dan ancha yuqori. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning bu yo‘nalishda katta yutuqlarga erishganini bildiradi.
Ishonchim komilki, jamiyatning boshqa qatlamlari ham shunday imkoniyatlarga ega.
Shu sababli, adolat va ijtimoiy taraqqiyot uyg‘unligini muhokama qilish uchun O‘zbekiston eng munosib joy ekaniga aminman.
Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, bunday assambleyaga mezbonlik qilish mamlakatning Parlamentlararo Ittifoq qadriyatlariga sodiqligi va faol ishtirokini anglatadi.
Aks holda, hech kim bunday yig‘inlarga qatnashmagan bo‘lar edi. Shu sababli, mamlakat Prezidentiga parlamentlararo diplomatiyani qo‘llab-quvvatlayotgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Bizning bu yerda bo‘lishimiz O‘zbekistonning Parlamentlararo Ittifoq faoliyatiga yillar davomida qo‘shgan hissasini ifodalaydi.
Joriy yil iyul oyida Jenevada Butunjahon Spikerlar konferensiyasini tashkil qilamiz va bu tadbirga Senat Raisini ham taklif qilamiz. Uning konferensiyalardagi ishtiroki va tadbirlarni samarali o‘tkazishga qo‘shayotgan hissasi, shuningdek, O‘zbekiston parlament a’zolarining faolligi biz uchun juda muhim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xNB058T92po" title="Tuliya Ekson:Adolat, ijtimoiy taraqqiyot uygʻunligini muhokama qilish uchun Oʻzbekiston eng munosib" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA