Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tuhmat uchun qanday javobgarlik bor?
10:10 / 2022-02-25

Internet rivojlanib borgani sari turfa xil ijtimoiy tarmoqlar ham ko‘payib bormoqda. Bu o‘zaro erkin fikr almashish, qiziqarli va kerakli ma’lumotlarni osongina izlab topish imkonini berayotir.

Biroq, shu bilan birga turli yolg‘on xabarlar, tuhmat kabi illatlar ham urchib ketayotir. Eng yomoni, fitnalarga sabab bo‘ladigan mafkuraviy xurujlar ham yo‘q emas.  

Internet foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bildirayotgan fikrlarining oqibatlarini yaxshi anglaydi, albatta. Ammo tuhmat, shaxsiy, diniy qarashlarni masxara qilish kabi holatlar ham uchraydiki, ularni ko‘rib bunga chek qo‘yish zarurati dolzarblashayotganini anglash mumkin. Chunki bu insonning sha’ni va qadr qimmatini kamsitishga qaratilgan qilmishlar sanaladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasiga muvofiq, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan himoyalanish huquqiga egaligi kafolatlangan. 

Xo‘sh, tuhmat o‘zi nima? Jabrlanuvchi tuhmatdan qanday himoyalanishi kerak? Shaxs tuhmat uchun qachon ma’muriy yoki jinoiy javobgar bo‘ladi? Unga qonunlarimizda qanday jazo belgilangan? 

Quyida bu savollarga javob berishga harakat qilamiz. Demak, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, inson sha’ni, qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keluvchi yolg‘on ma’lumotlar berish tuhmat hisoblanadi. 

“Tuhmat” deb topishning uch belgisi bor: tuhmat qilayotgan shaxs o‘zining tarqatayotgan ma’lumoti yolg‘on ekanligini oldindan biladi; ma’lumot boshqa jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan qaratilgan bo‘ladi; tarqatilayotgan bu ma’lumotlarda shaxsni yoki tashkilotni sharmanda qilish ehtimoli mavjud bo‘ladi. 

Jinoyat kodeksining 139-moddasi bo‘yicha javobgarlik yuzaga kelishi uchun aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lishi mumkin va avvalgi yoki hozirgi davrga tegishli bo‘lishi kerak. Agar aybdor boshqa shaxs haqida uni sharmanda qiluvchi, ammo haqiqatga to‘g‘ri keladigan ma’lumotlarni tarqatgan bo‘lsa, uni tuhmatda ayblab, javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. 

Oliy sud plenumi qaroriga ko‘ra, tuhmat deganda, yuridik yoki jismoniy shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini pastga uruvchi ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida, xizmat ta’rifnomalarida, ko‘pchilik oldida so‘zlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan, og‘zaki bo‘lsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi. 

Bunday ma’lumotlarni shaxsning o‘ziga aytish – ma’lumot tarqatish, deya hisoblanmaydi. Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini oyoqosti qiluvchi, obro‘ni to‘kuvchi ma’lumotlar, badnom etuvchi, deb belgilangan. 

Ishdagi kamchiliklarni, jamoat va ish joylaridagi, turmushdagi fe’l-atvorini tanqid qiluvchi, haqiqatga to‘g‘ri keladigan ma’lumotlar shaxsni badnom qiluvchi ma’lumotlar  hisoblanmaydi. 

Amaldagi qonun hujjatlarida tuhmat qilgan shaxsga nisbatan uning og‘irlik darajasiga qarab ikki xil – ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. 

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga ko‘ra, tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi mumkin. 

Tuhmatga oid ishlar bo‘yicha surishtiruv, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tuhmat qilgan shaxsga nisbatan jazo esa tegishli sudning qaroriga muvofiq qo‘llaniladi. 

Sudning qaroriga asosan tuhmat qilganlikda ifodalanuvchi ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan shaxs bir yil ichida ushbu harakatni takror sodir etsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin. 

Boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish usuli – og‘zaki, yozma, biror tasvir ko‘rinishidagi lavha va hokazo usulda bo‘lishi mumkin. Aybdor tomonidan bila turib yolg‘on ma’lumotlarni hech bo‘lmaganda bir shaxsga yetkazganda tuhmat jinoyati bo‘ladi. 

Jinoyat kodeksining 139-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, tuhmat u uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jinoiy qilmish, deya baholanadi. Buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan bog‘liq jaz qo‘llanilishi mumkin. 

Agar tuhmat qilish nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, bu qilmish Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. 

Ya’ni bu holatda javobgarlik yanada og‘irlashadi. Bunday holatda bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash kabi jazolardan biri qo‘llanilishi mumkin. 

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, deganda, yolg‘on ma’lumotlarni kitoblarda, gazeta va jurnallarda, varaqalarda yoki boshqa asarlarda, radio, telekanal, videoda, internet saytlarida namoyish qilish orqali keng ommaga tarqatish tushuniladi. Mazkur holat orqali amalga oshirilgan tuhmat jabrlanuvchiga oddiy tuhmatdan ko‘ra, katta ma’naviy zarar yetkazadi. 

Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi bilan quyidagi hollarda javobgarlik kelib chiqadi: og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; xavfli retsidivist tomonidan; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa. 

Bordiyu shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab yoki og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda yoxud xavfli retsidivist tomonidan yoki g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir shaxs tuhmat uchun javobgarlik mavjudligini bilishi shart. Buni yoshlarga ham o‘rgatish, boshqa kishilar haq-huquqlarini hurmat qilishni ularga singdirish juda muhim.  

 

Shuhrat Haydarov,  
TDYUU dotsenti. 
O‘zA