Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tug‘ruq ta’tilidan keyin o‘qituvchi yana o‘z ishiga tiklandi
14:06 / 2024-02-10

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanilik Shahnoza Baratova tumandagi 5-sonli umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi vazifasida ishlab kelgan. O‘tgan yili 16 iyun kunidan homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan. Belgilangan muddat o‘tgach yana o‘z ishini davom ettirmoqchi bo‘lib maktabga qaytganida, maktab rahbariyati har xil bahonalarni vaj qilib, ish berishmagan.

Huquqlari poymol bo‘lgan Sh.Barotova bundan norozi bo‘lib, umumta’lim maktabida o‘z ishini davom ettirishga amaliy yordam berishni so‘rab tuman adliya bo‘limiga murojaat qiladi. 

Tuman adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan murojaat yuzasidan o‘rganish olib boriladi. Tegishli tartibda taqdimnoma kiritiladi. Natijada tuman adliya bo‘limining ko‘magi bilan tumandagi 5-sonli umumta’lim maktabi direktorining 2024 yil 18 yanvar kunidagi buyrug‘i bilan fuqaro Sh.Baratova 18 soat dars soati bilan ta’minlanib, o‘z ishini davom ettirishiga amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, Mehnat kodeksiga asosan tug‘ish ta’tiliga ketgan xodimning ish o‘rni saqlanadi, lekin o‘qituvchilarga dars soatlari saqlanmaydi, ishga chiqqanidan so‘ng dars soatlari qayta taqsimlanadi.

Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qarori 30.06.2020 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3271.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga, shuningdek, ishlovchi pensionerlarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari