Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tugatilgan maktab o‘qituvchilariga 415 million so‘mdan ziyod ish haqi va kompensatsiya puli to‘lab berildi
15:47 / 2023-01-16

Prezidentimizning 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Andijon shahridagi 13-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi 2022-2023 o‘quv yilida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga aylantirilgan.

Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining tugatilayotganligi haqida 2022 yilning 30 avgust kuni maktab jamoasiga, o‘qituvchilarga ogohlantirish xatlari berilgan. Biroq, ogohlantirish xatida maktab ma’muriyati tomonidan hech qanday ish taklif etilmagan, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ikki oylik kompensatsiya hamda foydalanilmagan mehnat ta’tili pullari to‘lab berilmagan. Bu haqida maktabning sobiq o‘qituvchilari M.Nazarova, G.Sodiqova, G.Ashurova, M.Abdullayeva va O.Qodirova mazkur masalada yordam ko‘rsatilishini so‘rab, Andijon shahar adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Ularning murojaati mutaxassislar tomonidan amalda belgilangan tartiblar asosida ko‘rib chiqildi.  

Masalani o‘rganish davomida haqiqatan ham maktabning 64 nafar pedagog va texnik xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari Mehnat kodeksining 100- moddasi 2- qismi 1- bandiga asosan, bekor qilinganligi aniqlandi. Lekin xodimlarning vazifasidan ozod etish haqidagi buyruqlarda ikki oylik o‘rtacha oylik ish haqi to‘lab berishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi tomonidan belgilangan pullar to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.  

– Qonunchiligimizda mehnat shartnomalari texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan bekor qilinganida, xodimlar bu haqida kamida ikki oy avval ogohlantirilishi yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan nazarda tutilgan ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan, – deydi Andijon shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Azizbek Raupov. – Shunday bo‘lsada, Mehnat kodeksning 134-, 151- va 154- moddalarida belgilangan talablariga rioya etilmagan. O‘rganishlardan so‘ng Andijon shahar adliya bo‘limi tomonidan Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limiga maktab pedagogik va texnik xodimlariga to‘lanmagan o‘rtacha oylik ish haqi va kompensatsiya pullarini to‘liq to‘lab berish choralarini ko‘rish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritildi. Natijada tugatilgan maktab o‘qituvchi va xodimlariga 415 million 389 ming so‘m miqdorida kompensatsiya pullari to‘lab berildi.  

F. UBAYDULLAEV,  

O‘zA