English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tugallanmagan qo‘shiq”: Shirin Abdullayeva xotirasi yodga olindi
13:04 / 2026-01-17

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, umidli xonanda Shirin Abdullayeva yosh bo‘lsa-da, musiqa ixlosmandlari e’tiboriga tushib ulgurgan, samimiy, hayotga real qaraydigan, intiluvchan inson edi.

O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shirin Abdullayeva xotirasiga bag‘ishlangan “Tugallanmagan qo‘shiq” nomli musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan yosh ijodkorning ijodiy merosini yod etish va uning san’atga bag‘ishlangan hayot yo‘lini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Xotira kechasi O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilib, unda ijod ahli, san’atshunoslar, jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Shirin Abdullayevaning hayoti va ijodiga oid fikrlar bildirildi. O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev tomonidan marhuma san’atkor asarlarining yaratilish tarixi va badiiy ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. 

Shuningdek, uning asarlari maxsus formatlangan versiyalarda hamda orkestr ijrosida yangradi, asarlar asosida tayyorlangan videokliplar namoyish etildi.

Tadbirning badiiy qismida marhuma san’atkor ijodiga oid qo‘shiqlar ijro etildi. Kecha davomida ota-onasi, ustozlari va hamkasblari tomonidan Shirin Abdullayeva hayoti, uning orzu-intilishlari, ibratli fazilatlariga oid yorqin xotiralar yodga olindi. 

Shirin Abdullayeva 2005 yilda tug‘ilgan bo‘lib, qisqa umri davomida qo‘shiqchi va ijodkor sifatida keng e’tirofga sazovor bo‘lgan. U bir qator mashhur qo‘shiqlari bilan muxlislar mehrini qozongan va xalqaro ijodiy loyihalarda ishtirok etgan edi. 2023 yilda u san’at sohasidagi yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. 

Shirin Abdullayeva o‘tgan yili 19 yoshida bu yorug‘ olamni tark etgan bo‘lsa-da, uning qo‘shiqlari muxlislar qalbida mangu yangramoqda. 

“Tugallanmagan qo‘shiq” xotira kechasi Shirin Abdullayevaning milliy san’atda qoldirgan yorug‘ izi va uning ijodiy merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ramzi sifatida o‘tkazildi.

N.Usmonova, O‘zA