French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tugʻilgan kun nishonlanishi sabab 13 nafar fuqaro koronavirusga chalindi
16:40 / 2020-06-19

Aholi orasida koronavirusga chalinganlar ichida turli kasb egalarini koʻrish mumkin.


Aholi orasida koronavirusga chalinganlar ichida turli kasb egalarini koʻrish mumkin. Shuningdek, kasallanish hududlar kesimida ham kengayib bormoqda. Anchadan buyon koronavirus aniqlanmagan yashil hududlar ham bir zumda qizil hududga aylanayotgani kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori ekanidan darak beradi.

Avval xabar qilganimizdek, 17-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 189 nafar bemorning 13 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 18-iyun kuni esa 85 nafar bemordan 28 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik maʼlumotga koʻra, umumiy kasallanish koʻrsatkichi pasaygan boʻlsada, aholi orasida koronavirusga chalinish holati keskin oshganini koʻrish mumkin.

18-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent viloyatida 14 nafar, Toshkent viloyatida 13 nafar, Qashqadaryo viloyatida esa 1 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Toshkent viloyatida Toshkent tumanida yashovchi fuqaroda, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro va uning uch nafar oila aʼzosida, Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi 9 nafar fuqaroda, shuningdek, chaqiriq boʻyicha tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi qabul boʻlimiga olib kelingan bemorda kasallik qayd etilgan.

Bugun Soat 10 00 qadar kasallik aniqlangan 88 nafar bemordan 10 nafari Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan.

Jumladan, Yunusobod tumanida yashovchi taksi haydovchisida (oʻzi kelib namuna topshirgan), tana harorati koʻtarilgach shifokorga murojaat qilgan Olmazor tumanida yashovchi uy bekasida, Uchtepa tumanida yashab, Sergeli tumanida oziq-ovqat doʻkonida ishlovchi sotuvchida, xuddi shu tumandagi tugʻruq taʼtilida boʻlgan uy bekasining( shu yilning 13-iyunidan tana harorati koʻtarila boshlagan) oʻgʻli va qizida hamda yana Uchtepa tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkorda (oʻzi borib tahlil topshirgan), Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroda (12-iyundan tana harorati koʻtarila boshlagan) ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Mazkur kasallik aniqlangan fuqarolarning aksariyati tana harorati koʻtarilgach, shifoxonaga murojaat qilishgan va namuna topshirishgan.

Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan poytaxtlik fuqaroning tugʻilgan kun munosabati bilan oʻtkazgan tadbirida ishtirok etgan 13 nafar oila aʼzosi va qarindoshlariga yuqtirgani barchamizni hushyor torttirishi lozim.

Shu bois, shu kunlarda turli marosim va tadbirlar oʻtkazishdan vaqtinchalik tiyilib turishimiz, imkon qadar odamlarni toʻplamaslikka, aholi gavjum joylardan uzoqroq boʻlishimiz oʻzimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun eng muhim qoida ekanligini unutmasligimiz kerak. Shu oʻrinda hozir birgina ana shu voqea sabab qancha kishi uy va statsoinar karantinga olinganligini aytishni hojati ham boʻlmasa kerak.

Xavotirli vaziyatdan kelib chiqqan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholini, jumladan, faoliyati tiklangan sohalarda mehnat qilayotgan fuqarolarni hushyorlikni yoʻqotmagan holda, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qoladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.