Jahon xo‘jaligiga integrallashuv jarayonlarida import o‘rnini bosish siyosatini amalga oshirish har qanday mamlakat uchun iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim chorasiga aylanib bormoqda.
Zero, bu siyosatni to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish mamlakatning importga bog‘liqlik darajasini kamaytirib, iqtisodiy barqarorlikka erishish imkoniyatini vujudga keltiradi.
bugungi kunda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan moliyalashtirilayotgan yirik loyihalar ulushida import o‘rnini bosuvchi va eksport uchun mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalar salmog‘i ortib bormoqda.
Shunday loyihalardan biri bo‘lgan Sirdaryo viloyatidagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Elegant Fiber Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga bir guruh respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Ushbu korxona 2017 yilda tashkil topgan. Dastlab faoliyatini mato ishlab chiqarishdan boshlagan. Joriy yil boshida esa tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida yangi sex ishga tushdi. Bu yerda 100 dan ziyod turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Kunlik ishlab chiqarish quvvati 7 mingdan ziyod.
Korxona rahbari Zahriddin Nosirsaidovning ta’kidlashicha, yaqinda faoliyatini boshlaganligiga qaramasdan xorijga 3 million dollarlik mahsulot eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzishga ulgurgan. Ayni paytda ushbu buyurtmani tayyorlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Asosan Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport amalga oshiriladi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati qariyib 1,3 million dollar bo‘lib, shundan 750 ming dollar “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining xorijiy kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirilgan. Korxonadagi uskunalar Italiya, Yaponiya, Xitoy, Polshada ishlab chiqarilgan bo‘lib, eng nozik did egalari uchun ham bejirim kiyim-kechaklar ishlab chiqarish imkonini beradi. Zamonaviy dastgohlarning qulayligi shundaki, ular to‘liq avtomatlashgan – elektr va havo yordamida ishlaydi. Elektr energiyasida samaradorlik 75 foizni tashkil qiladi.
Korxonada mahsulotlar eksport qilishdan oldin to‘liq test jarayonidan o‘tadi. Malakali mutaxassislar matoga ishlov berishdan tortib, tayyor kiyim-kechak holiga kelguncha nazorat qiladi. Yangi modellar va dizayn yaratish bo‘yicha ham ilg‘or dizaynerlar ishlamoqda.
Ushbu korxonada 200 ga yaqin yangi ishchi o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, ayni damda 170 dan ziyod aholi band. Ish bilan band aholining aksariyati “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
– Maktabni bitirganimdan so‘ng, tumanimizdagi bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan tikuvchilik yo‘nalishida o‘qidim, – deydi Ro‘zigul Mirzayeva. – Hozirda shu korxonada tikuvchi bo‘lib ishlayapman. Bu yerda turli xil kiyim-kechaklar tikyapmiz. Korxonada ishchi xodimlar uchun sharoitlar yaxshi. Bu yerda ishlab oilamga naf keltirayotganimdan mamnunman.
Ma’lumot uchun, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan o‘tgan yilda tadbirkorlik sub’ektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 trillion 519,8 milliard so‘m ekvivalentida mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 105 ta investitsion loyihaga 698 milliard so‘m ekvivalentidagi xorijiy valyutadagi mablag‘lar yo‘naltirildi.
Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilishi natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
O‘zA