Triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati g‘oliblari aniqlandi
Samarqandda 7-8 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha “Challenge Samarkand – 2024” xalqaro musobaqasi o‘tkazilishi haqida xabar bergandik. Mazkur turnir oldidan bugun O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Unda sportchilar 750 metrga suzish, 20 kilometrga velosiped poygasi, 5 kilometrga yugurish bahslarida ishtirok etdi.
G‘oliblar elita, o‘smirlar va ochiq chempionat dasturlarida aniqlandi.
Elita dasturida erkaklar o‘rtasida o‘tgan yilgi chempionat g‘olibi Aleksandr Kurishov, ayollar orasida esa Alina Hakimova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
O‘smirlar bellashuvlarida Muhammadyusuf Abduxalilov va Diana Bektimirova g‘olib bo‘ldi.
Triatlon bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatida ham amaldagi chempionlar Aleksandr Kurishov va Alina Hakimovaning qo‘li baland keldi.
Chempionat g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun ishtirok etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari