Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Trend” Toshkent anjumanining ahamiyatli tomonlarini ta’kidladi
15:58 / 2022-07-26

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Afg‘oniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tafsiloti xorij matbuotida ham keng yoritilmoqda.

Anjumanda 100 dan ziyod xorijiy delegatsiyalar vakillari ishtirok etayotgani xalqaro hamjamiyatning Afg‘oniston va afg‘on xalqi taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatib turibdi. Darhaqiqat, bu o‘lkada tinchlik hukm surishi, iqtisodiyot yuksalib, insonlar hayoti farovonlashishi mintaqa mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston uchun ham juda muhim.

Shuning uchun ham Toshkent anjumani o‘ta dolzarbligi bilan xalqaro hamjamiyat, ayniqsa, dunyo ommaviy axborot vositalari diqqat markazida.

“Forumning yuqori samaradorligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarini mustahkamlash yuzasidan qabul qilingan Maxsus rezolyutsiya hayotga joriy qilinishi bilan bog‘liq, deb yozdi Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi.

Maqolada Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch ummoni mintaqalari kabi 20 dan ortiq mamlakatdan delegatsiyalar, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalalariga jalb qilingan o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, YeI, BMTning Oziq-ovqat va Qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorligi tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Afg‘onistonning Muvaqqat hukumati delegatsiyasi Toshkentda ilk bor bir davrada to‘planganiga alohida urg‘u berilgan.

Ushbu format Afg‘onistonning yangi hukumati bilan pragmatik muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konstruktiv munozara olib borish va o‘zaro maqbul yondashuvlar ishlab chiqish uchun sharoit yaratishga qaratilgan, deydi muallif.

Agentlik konferensiya maydonida muhokama qilinayotgan mavzularga e’tibor qaratarkan, jumladan, “Termez – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish hamda “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i barpo etish, qolaversa, gumanitar yordam uchun ko‘p tarmoqli xalqaro logistik xab va Termiz shahrida afg‘on fuqarolarini o‘qitish loyihalarini ta’kidlab o‘tadi.

Umuman, mazkur konferensiya Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda Afg‘onistonnini tinch, farovon, terrorizm va urushdan xoli mamlakatga aylantirish bo‘yicha O‘zbekiston amalga oshirib kelayotgan tizimli sa’y-harakatning tarkibiy qismidir, deb qo‘shimcha qiladi “Trend”.

S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA